AQSh prezidenti Donald Tramp Xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun (FCPA) ijrosini 180 kunga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda Reuters. Bu qonun 1977-yilda qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, Amerika fuqarolari va tashkilotlari o‘z bizneslari manfaatlarini ko‘zlab chet ellik davlat amaldorlariga pora berishlari taqiqlanadi.

“Qabul qilinganidan buyon… FCPA tizimli va doimiy ravishda o‘zining tegishli chegaralaridan tashqariga chiqib, Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda suiiste’mol qilinmoqda. FCPA`ning joriy qo‘llanishi Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosat maqsadlariga erishishga to‘sqinlik qiladi”, — deyiladi AQSh prezidenti farmonida.

Hujjatda aytilishicha, FCPA`ning amerikaliklarga qarshi “boshqa mamlakatlarda biznes yuritishning odatiy amaliyoti” uchun “haddan tashqari keng” qo‘llanishi prokuraturaning cheklangan resurslarini behuda sarflaydi va AQShning iqtisodiy raqobatbardoshligiga “faol zarar yetkazadi”.

AQSh bosh prokuroriga olti oy ichida qonunning qo‘llanishini qayta ko‘rib chiqish va prezidentning tashqi siyosatiga mos keladigan yangi tushuntirishlar berish topshirildi.

“Qog‘ozda bu yaxshi eshitiladi, ammo amalda falokat, — dedi Tramp qonun haqida. — Bu shuni anglatadiki, agar amerikalik boshqa mamlakatga borib, u yerda legal, qonuniy yoki boshqa tarzda biznes yurita boshlasa, bu deyarli tergov va ayblovni kafolatlaydi va hech kim bu tufayli amerikaliklar bilan biznes yuritishni xohlamaydi”.

“Bu Amerika uchun ancha ko‘proq biznesni anglatadi”, — deya o‘z qarorini izohladi AQSh prezidenti.

Turli yillarda FCPA doirasidagi tergovlarning subyektlari Amerikaning yirik kompaniyalari, jumladan, Goldman Sachs va Walmart bo‘lgan. Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, Adliya vazirligi hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi 2024-yilda FCPA bilan bog‘liq majburiy choralarni qo‘llash bo‘yicha 26 ta da’vo arizasi kiritgan. Kamida 31 ta kompaniya tergov ostida qolgan.

New York Times nashri bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, ushbu qonunning amal qilishini to‘xtatib turish korrupsion faoliyatning o‘sishiga olib kelishi mumkin.