Toshkent viloyati Ohangaron shahrida 7 nafar yigit Telegram messenjerida “Alisher Usmonov aksiyasi” nomli 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgani aniqlandi. Viloyat IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi tezkor tadbirida jinoyat fosh etildi.

Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Alisher Usmonov aksiyasi” nomli 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni “Aksiyada 20 million so‘m mukofotiga ega bo‘ldingiz” kabi so‘zlar bilan aldab, pul mablag‘larini o‘zlashtirayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ohangaron shahrida yashovchi 25 yoshli Sh. B. uyida Farg‘ona viloyatida yashovchi 18−25 yosh orasidagi 6 nafar shaxsni jalb qilgan. Ular o‘zlari ochgan guruhlardagi fuqarolarga go‘yo asli O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov o‘tkazayotgan aksiyada 20 million so‘m yutib olgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.

Ular yutuqni olish uchun badal puli talab qilingan va turli miqdordagi pul mablag‘larini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib o‘zlashtirgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqasi niqob taqqan holda kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.

Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi (Axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Video