O‘zbekistonda 9−12-fevral kunlari avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) ga gaz yetkazib berishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi, deya xabar qildi “O‘zenergoinspeksiya”.
Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, ob-havo keskin sovigan davrlarda gaz uzatish tizimida bosimni barqaror ushlab turish maqsadida aholi va ijtimoiy soha obyektlariga gaz ustuvor ravishda yetkazib berilmoqda. Gaz quvurlaridagi bosim normallashgandan keyingina gaz metan zapravkalari o‘rtasida bosqichma-bosqich to‘liq hajmda taqsimlanadi.
“9−12-fevral kunlari respublikaning barcha hududlarida tashqi havo-haroratining keskin sovib ketishi natijasida tabiiy gazga ehtiyoj ortganligi sababli mahalliy hokimliklar tomonidan kiritilgan grafiklarga asosan AGTKSHlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtinchalik qisqartirilgan”, — deyiladi 12-fevral kungi xabarda.
So‘nggi kunlarda haydovchilar internet-hamjamiyatlarida gaz quyish shoxobchalarida soatlab navbatlar paydo bo‘layotgani haqida ommaviy ravishda xabarlar tarqala boshladi. Haydovchilar poytaxtdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishlamayotgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgan. 11-fevral kuni ba’zi haydovchilar shahardagi barcha metan shoxobchalari yopilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari taksi xizmatlari narxining keskin oshganini ham qayd etdi. Masalan, ma’lum bir yo‘nalish bo‘yicha sayohat narxi ilgari 14−15 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 20−23 ming so‘mgacha qimmatlashdi.
Andijon viloyatidagi gaz quyish shoxobchalari egalaridan birining ma’lum qilishicha, yanvar oyi o‘rtalaridan beri gaz quyish shoxobchalarining qariyb 70 foizi mahalliy hokimiyat qarori bilan ishlamayapti.
Moliyachi Otabek Bakirov Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ishlamay qolishini 10-fevral kuni Buxoro viloyatidagi gaz quvurida sodir bo‘lgan avariya bilan bog‘ladi. “Gazeta.uz” Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining 106-kilometrida gaz sizib chiqqani haqida yozgan edi.
O‘shanda Energetika vazirligi oqibatlar to‘liq bartaraf etilgunga qadar aholi va ijtimoiy obyektlarni gaz bilan ta’minlash maqsadida hududlardagi AGTKSHlarga gaz yetkazib berishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilayotganini ma’lum qilgandi. Keyinroq vazirlik vaziyatni o‘rganib chiqqach, gaz quyish shoxobchalari faoliyatini viloyat hokimliklari bilan kelishilgan tartibda tiklashga qaror qilinganini ma’lum qildi.
“O‘ztransgaz” matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 10-fevral kuni gaz quvurining zulfinlari yopilgan, shundan so‘ng quvurda qolgan gaz nazorat ostida atmosferaga chiqib ketgan. Shu kuni kechqurun kompaniya gaz iste’molchilarga zaxira gaz quvuri orqali uzluksiz yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.
“O‘ztransgaz” xabariga ko‘ra, gaz quvuridagi avariya 11-fevral kuni to‘liq bartaraf etilgan, shundan beri gaz to‘liq hajmda yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, “Gazeta.uz” manbalariga ko‘ra, bosimni tiklash uchun vaqt talab etiladi.