HAMAS Isroil bilan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishga sodiqligini va garovga olinganlarni rejalashtirilgan vaqtda ozod qilishda davom etishini bildirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Guruh, o‘z navbatida, urush qayta boshlanishining oldini olish mumkinligiga umid bildirdi.
“Shunga ko‘ra, HAMAS kelishuvni imzolanganidek amalga oshirish, jumladan, belgilangan muddatlarda mahbuslarni almashish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.
G‘azo sektori rahbari Halil Al-Hayya Misr xavfsizlik amaldorlari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Qohiraga tashrif buyurgandi. Muzokaralardan so‘ng guruh Misr va Qatar vositachilari “to‘siqlarni bartaraf etish va kelishmovchiliklarni hal qilish” bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirishini ma’lum qildi.
Isroil hukumati vakili xabarlarga izoh bermadi, biroq agar HAMAS shanba kuni garovga olingan uch nafar tirik asirni ozod qilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tugashini bildirdi. Isroil ham HAMASni kelishuvni buzganlikda aybladi, jumladan, payshanba kuni kechqurun harbiylar HAMAS G‘azodan raketa uchirganini va u anklavga tushganini aytdi, deb yozadi Reuters.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu agar HAMAS 15-fevralgacha garovga olingan isroilliklarni qaytarmasa, G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlashni va’da qilgandi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilni HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga chaqirgan va guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qilgan, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam bo‘ladi”.
- HAMAS 10-fevral kuni garovga olingan isroilliklarning navbatdagi guruhini ozod qilish bekor qilinganini e’lon qildi. Ayirboshlash 15-fevralda amalga oshirilishi kerak edi. Guruh bunday qarorga kelishiga Isroil tomonidan tinchlik kelishuvlarining buzilishi sabab bo‘lganini aytdi. HAMAS Isroilni G‘azo sektori shimoliy qismi aholisining qaytishiga to‘sqinlik qilishda, shuningdek, mintaqaga insonparvarlik yordamini o‘tkazmaslikda aybladi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats HAMASning bayonotini “o‘t ochishni to‘xtatish rejimining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi” deb atadi.
- Yanvar oyi o‘rtalaridan beri HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik kelishuvi amal qilmoqda. Uning shartlariga ko‘ra, dastlabki 42 kun ichida HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga, Isroil esa 1900 dan ortiq falastinlik mahbuslarni qamoqxonalardan ozod qilishga va G‘azo sektoridan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlashga va’da bergan. 9-fevral kuni Isroil o‘z majburiyatlari doirasida G‘azo sektori markazini ajratib turuvchi Netsarim yo‘lagidan qo‘shinlarini olib chiqqan.