O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlarni nazoratchilar orqali naqd pulda qabul qilish to‘liq to‘xtatildi. Bu haqda 12-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsuvta’minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

2024-yilning 1-dekabridan mamlakatda ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilina boshlandi. “O‘zsuvta’minot” rasmiysining ta’kidlashicha, bu so‘nggi ikki yilda hududlar kesimida iste’molchilarni o‘rgatish va dasturiy vositalarni takomillashtirish uchun bosqichma-bosqich joriy etildi.

“1-dekabrdan nazoratchilar tomonidan eshikni taqillatib [aholidan] naqd pul yig‘ish faoliyatlari to‘xtatilgan. Biz ushbu sanadan keyin nazoratchiga berilgan pullarning billing baza yoki abonent hisobraqamida ko‘rinishiga kafolat bermaymiz”, — dedi u.

ichimlik suvи, oqova suv, uзsuvтаъминот

Foto: AOKA

Xurshid Rahmatullayev naqd pul shaklida amalga oshirilgan to‘lovlar ortidan qarzdorlik o‘chirilishiga kafolat bermasligi, bu jarayonda abonentlar hushyor bo‘lib, to‘lovlarni faqat elektron shaklda: banklar, infokiosklar, to‘lov tizimlari va “Telegram”dagi maxsus botlar orqali amalga oshirish kerakligini ta’kidladi. Hozirda botdan foydalanuvchilar soni 26 mingga yetgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nazoratchilar tomonidan qarzdorlik qog‘ozlarining berilishiga chek qo‘yilgan. Bu kabi holatlar aniqlangan taqdirda, “O‘zsuvta’minot” tomonidan nazoratga olinib, tegishli choralar ko‘riladi.

Rahmatullayev bu kabi qonun buzilishi holatlari kuzatilsa, fuqarolardan 12 55 yagona qisqa ishonch raqamiga, korrupsiya bo‘yicha esa +998 55 555 10 55 ishonch raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.

Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 1-martga qadar 850 dan ortiq mahalladagi suv ta’minoti muammosi hal etilishini, buning uchun 250 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini aytgandi.