Farg‘ona shahri Beshbola mahallasidagi hovlilardan biriga o‘g‘rilikka tushgan yigit xonadon bekasini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Zo‘r TV” telekanali “Bu Kun” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 1999-yilda tug‘ilgan yigit onlayn qimor sabab qarzga botgan va pullarni qaytarish uchun o‘zi yashagan hudud yonidagi mahalla xonadonlaridan biriga o‘g‘rilikka tushgan.
“Tungi soat 01:30 atrofida xonadonga kirib, ko‘rpalarning orasidan pul qidirdim. Shu xonani tekshirdim, bu yerda tuz yotganda, boshqa hech narsa yo‘q edi. Qaytib chiqib ketdim”, — deydi ayblanuvchi.
Yigit hovlida qidiruvni davom ettirib, ayol va uning bolalari uxlab yotgan xonaga boradi. U boshiga niqob kiyib olgan holda ichkaridan kimdir chiqishini kutib turadi. Shu vaqtda ayol tashqariga chiqqach, yigitni ko‘rib qo‘rqib ketgan va baqirgan.
Ayol xonaga qaytib kirishga uringanda yigit uning ko‘krak sohasiga bir marta zarba berib, voqea joyidan qochib ketgan. Ayol esa shu joyning o‘zida halok bo‘lgan.
Sud yigitni Jinoyat kodeksining 97-modda 2-qismi j bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) hamda 164-modda 2-qismi v bandida (Uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatlarda sodir etganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan umumiy hisobda 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.