AQShda bir guruh shtat bosh prokurorlari Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning federal xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini to‘xtatish uchun sudga murojaat qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Vashingtondagi federal sudda Nyu-Meksiko va boshqa 13 ta shtat bosh prokurorlari tomonidan berilgan da’voga ko‘ra, Tramp Maskka AQSh Kongressining ruxsatisiz “nazorat qilinmagan qonuniy vakolatlar” bergan.

Respublikachi Tramp o‘tgan oyda prezident bo‘lganidan so‘ng Tesla bosh direktori va dunyodagi eng boy odam bo‘lmish Maskni behuda xarajatlarni yo‘q qilish uchun mas’ul qildi.

Mask va uning departamenti hukumat kompyuter tizimlariga kirish huquqi borasida bir nechta shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi bo‘yicha da’volarga duchor bo‘ldi. Yangi da’vo arizasida Maskning lavozimga noqonuniy tayinlangani ta’kidlanib, unga hukumat nomidan har qanday harakatlarni amalga oshirishni taqiqlovchi qaror chiqarilishi talab qilinmoqda.

“Prezident Tramp bu mamlakat uchun xavf tug‘dirishini hisobga olmagan holda, Kongressning tegishli qonuniy ruxsatisiz va uning faoliyati ustidan sezilarli nazoratsiz janob Maskka deyarli cheklanmagan vakolatlarni topshirdi”, — dedi shtatlar Maskni hukumatdagi “xaos agenti” deb atab.

DOGE`ga qarshi davom etayotgan maxfiylik bo‘yicha ishlarni nazorat qiluvchi ikki federal sudya juma kuni departamentning G‘aznachilik departamenti to‘lov tizimlariga va AQSh sog‘liqni saqlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda mehnat agentliklarining potensial maxfiy ma’lumotlariga kirish-kirmasligini ko‘rib chiqadi.

Shanba kuni Manhettenda AQSh okrug sudyasi Pol Engelmayer Demokratik shtatlar bosh prokurorlarining DOGE`ga vaqtinchalik blokni uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosini ko‘rib chiqadi, bu esa Mask jamoasining trillionlab dollarlik to‘lovlar uchun mas’ul bo‘lgan G‘aznachilik tizimlariga kirishiga to‘siq bo‘ldi.

Shtatlarning ta’kidlashicha, Mask jamoasi millionlab amerikaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan to‘lov tizimlariga kirishda qonuniy huquqqa ega emas.

Da’vo arizasida, shuningdek, Mask va uning jamoasi sog‘liqni saqlash klinikalari, maktabgacha ta’lim muassasalari, iqlim tashabbuslari va boshqa dasturlar uchun federal moliyalashtirishni buzishi mumkinligi, Tramp esa bu ma’lumotlardan o‘zining siyosiy dasturlarini ilgari surish uchun foydalanishi ehtimoli borligi aytilgan.

Vashingtonda AQSh okrug sudyasi Jon Beyts DOGE jamoasining Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar, Mehnat departamenti va Iste’molchilarning moliyaviy himoyasi byurosidagi maxfiy yozuvlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kasaba uyushmalari so‘rovini ko‘rib chiqadi.

Trampning qonuniy e’tirozga uchragan tashabbuslarining aksariyati sudlar tomonidan bloklangan, bu esa, garchi prezident sud buyruqlariga bo‘ysunishini aytgan bo‘lsa-da, Mask va Trampning boshqa ittifoqdoshlarini sudyalarni impichment qilishga chaqirishga undadi.

  • Ba’zi tashabbuslar sudda to‘sib qo‘yilganiga qaramay, Tramp ma’muriyati davlat xizmatchilarini ommaviy ishdan bo‘shatish bilan oldinga siljidi va Amerikaning tashqi yordam dasturini keskin qisqartirdi. Xarajatlarni kamaytirish siyosiy konservatorlar qarshi bo‘lgan dasturlarga qaratilgan ko‘rinadi, deya ta’kidlaydi Reuters.
  • Tramp ma’muriyati USAID`ni mustaqillikdan mahrum qilib, uni Davlat departamenti nazoratiga o‘tkazishni, shuningdek, agentlik xodimlarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
  • Shundan so‘ng USAID bilan shartnoma asosida ishlaydigan tashkilot va kompaniyalar Donald Tramp ma’muriyatini agentlikni tugatish bo‘yicha noqonuniy harakatlarda ayblab sudga bergan. Bu, da’vogarlarning ta’kidlashicha, xorijiy yordam dasturlarini moliyalashtirishda tartibsizliklarni keltirib chiqardi.