O‘zbekiston Professional futbol ligasida 2020-yildan beri yoshi kichraytirilgan 8 nafar futbolchi aniqlangan. Bu haqda liga axborot xizmati xabar qildi.
Xususan, liga 2024-yilgi mavsumda ilk professional shartnomasini imzolagan 364 nafar futbolchi orasida yoshi kichraytirilgan 1 nafar futbolchini aniqladi. Futbolchi aslida 2004-yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, uning 2006-yilda tug‘ilganligini ko‘rsatuvchi hujjat ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Adliya vazirligi xulosasiga ko‘ra, Liga futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgan klubdan mazkur holatni qonun doirasida bartaraf etishni talab qildi. 7-fevralgacha futbolchining hujjatlari haqiqiy tug‘ilgan yiliga mos ravishda rasmiylashtirildi.
Liga 2020-yildan buyon Adliya vazirligi bilan hamkorlikda o‘zining ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilarni tekshirib kelmoqda. Ushbu davrda yoshi kichraytirilgan jami 8 nafar futbolchining hujjatlari to‘g‘rilangan:
- 2020-yilda Qashqadaryo viloyatidan 1 nafar;
- 2021-yilda Jizzaxdan 2 nafar va Toshkent viloyatidan 1 nafar;
- 2023-yilda Qashqadaryodan 2 nafar va Samarqand viloyatidan 1 nafar;
- 2024-yilda Toshkent viloyatidan 1 nafar.
“Mazkur ishlar prezidentning 2019-yildagi farmonida futbolni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Liga raqamlashtirish sohasidagi islohotlar tufayli bunday muammolarni yaqin yillarda butkul yo‘q qilishga ishonch bildirdi.