Oliy Majlis qonunchilik palatasining 13-fevral kuni o‘tkazilgan majlisida Soliq kodeksining 483-moddasi, ya’ni vaqtinchalik soliq imtiyozlari bandiga qo‘shimcha kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.
Unda parrandachilik sohasi va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatiga tegishli soliq imtiyozlari berish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Xususan, qonun loyihasi bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etish belgilanmoqda.
2027-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bino-inshootlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan olgan daromadlari bo‘yicha foyda solig‘i, shuningdek, ijaraga berilgan obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.