AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Osiyoning bir qancha davlatlaridan, jumladan, O‘zbekistondan kelgan migrantlarni Panamaga deportatsiya qildi, deb yozdi New York Times va Reuters.
AQSh harbiy-havo kuchlari samolyoti 12-fevral kuni kechqurun Kaliforniyadan havoga ko‘tarildi. Samolyot bortida O‘zbekiston, Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston va Turkiyadan kelgan 119 kishi, jumladan, oilalar bo‘lgan.
Panama prezidenti Xose Raul Mulino migrantlar mamlakatga kelganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular mehmonxonaga joylashtirilgan va keyinchalik Kolumbiya bilan chegaradosh Daren provinsiyasidagi boshpanaga olib ketiladi. U yerdan AQSh tomonidan moliyalashtirilgan reyslar orqali o‘z mamlakatlariga qaytariladi. Jarayon BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida o‘tmoqda.
Reys Panama va AQSh hukumatlari o‘rtasida boshqa davlatlar fuqarolarini Markaziy Amerika mamlakatiga deportatsiya qilishga ruxsat beruvchi kelishuv bo‘yicha birinchisi bo‘ldi. Mulinoning aytishicha, AQSh Panamaga jami 360 kishini deportatsiya qiladi. Harbiy samolyotlarda yana ikkita parvoz kutilmoqda, ularning sanalari noma’lum.
Panama TIVning aniqlik kiritishicha, yetib kelgan muhojirlar AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgandan so‘ng qo‘lga olingan va ular muqaddam sudlanmagan.
CBS News’ning ta’kidlashicha, AQSh hukumati Afrika va Osiyodan kelgan muhojirlarni Sharqiy yarimsharga yetib borish uchun uzoq masofalar bosib o‘tishi, shuningdek, hukumatlarning Amerika deportatsiya reyslarini qabul qilishdan bosh tortishi tufayli uzoq vaqtdan beri deportatsiya qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgandi.
NYT, shuningdek, migrantlarning asl mamlakatlari ularni qaytarib olishni istamayapti, deb yozdi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, AQSh New York Times gazetasining O‘zbekiston AQSh hukumati bilan deportatsiya bo‘yicha hamkorlik qilmayotgani haqidagi “iddaosini qat’iyan rad etadi”.
“Aksincha, O‘zbekiston ikki tomonlama faol kun tartibining to‘liq spektri, jumladan, AQShning muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha so‘rovlariga javob berishda AQShning ishonchli va sezgir hamkori bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, — dedi u.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati AQShga noqonuniy kirgan yuzlab fuqarolarini deportatsiya qilishga ko‘maklashish uchun AQSh rasmiylari bilan yaqindan hamkorlik qildi. Bu prezident Tramp va uning yangi ma’muriyati uchun ustuvor vazifa bo‘lgani sababli biz yaqinda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda sa’y-harakatlarimizni faollashtirdik”, — dedi diplomatik missiya vakili.
- 2023-yil dekabrida AQSh mamlakatga noqonuniy kirgan 119 nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgandi. AQSh elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini AQShga sayohat qilish uchun “xavfsiz va qonuniy” yo‘ldan foydalanishga chaqirgan va noqonuniy kirib kelganlar “tez orada chiqarib yuborilishini” ta’kidlagandi. Diplomatik missiya, shuningdek, AQSh mamlakatda qolish uchun hech qanday qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni chiqarib yuborish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan “yaqin hamkorlikda ishlamoqda”.