Sirdaryo tumanidagi maktablarning birida o‘quvchining onasi o‘qituvchiga nisbatan kuch ishlatdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 12-fevral kuni 1-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Ayol farzandi tahsil oladigan sinfga kirib, o‘qituvchini haqoratlagan. Unga nisbatan kuch ishlatib, bir marta musht tushirgan.
Tarmoqda video tarqalgach, MMTV rahbari Hilola Umarova holat vazirlik tomonidan nazoratga olinib, o‘rganilayotganini ma’lum qildi. U o‘rganish natijalariga ko‘ra tez orada ma’lumot berilishini yozgan.
Birozdan so‘ng Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov fuqaro X.G. tomonidan o‘qituvchiga zo‘ravonlik qilingani holati yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tomonidan tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilayotganini bildirdi.
Shundan keyin Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova holat ta’lim boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, ayolga nisbatan tegishli chora ko‘rilganini yozdi. Ayolning o‘zi ham videomurojaat bilan chiqib, qilgan ishidan pushaymonligini ta’kidladi.
Vazirlik mas’uli “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi hamda pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun tegishli javobgarlik belgilanganini eslatdi.