“Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 mln dollar ajratildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ma’lum qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident “yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan” 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini e’lon qildi. “Aloqabank” uning uchinchi hujjatida nazarda tutilgan.

Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 mln so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Shuningdek, “Aloqabank” kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.

Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi. Ular 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanib, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi, deyiladi xabarda.

“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 mln dollargacha sarmoya kiritiladi. Mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.

Yana bir hujjat bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 mln dollar resurs beriladi. Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.

Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi.