O‘zbekistonda 2024-yilda “Yoshlar daftari” orqali 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Bu haqda 14-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi. Bu davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi. Birgina “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi.

Shu bilan birga, Sho‘rchi, Buvayda, Furqat, Kasbi, Forish tumanlarida ishsiz yoshlar ko‘pligi u yerdagi rahbarlarning mas’uliyatsizligidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.