O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 mln nafarga yetadi. U bu davlat va jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.

Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi, tizimda qamrov 42 foizga yetdi.

Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.

“Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

yoshlar bandлиги

O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlar bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

Prezident Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidladi.

Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm ta’siriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.

Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Pastdarg‘om tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trln so‘m yo‘naltirilmoqda.

Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.

Yoshlarga yuqori maoshli ishga joylashish uchun kasblar va chet tillari o‘rgatiladi.

Yig‘ilishda prezident “Aloqabank” 200 mln dollar hisobiga yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi “yoshlar banki”ga aylantirilishini ma’lum qilgandi. Bank ayrim yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratadi. Milliy bankka oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash uchun 100 mln dollar resurs beriladi.