15-fevral kuni HAMAS guruhi Isroil bilan asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarning oltinchi bosqichi doirasida Qizil Xoch xodimlariga garovga olingan uch nafar isroillikni topshirdi, deb yozmoqda The Times of Israel.

G‘azo janubidagi Xon Yunus shahridan sharqda bo‘lib o‘tgan almashish tadbirida Isroil va Rossiya fuqarosi Aleksandr (Sasha) Trufanov (29 yosh), Isroil va AQSh fuqarosi Sagi Dekel-Xen (36) va Isroil va Argentina fuqarosi Yair Horn (46) ozod etildi.

Guruh garovga olinganlarning har biriga “ozodlik guvohnomalari”, shuningdek, HAMAS talab qilayotgan chegaralardagi “Falastin xaritalari”ni topshirdi.

Shuningdek, brigadalar garovga olingan uch nafar isroillikdan biriga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumati uchun mo‘ljallangan, uch tilda yozilgan “Vaqt tugab bormoqda” yozuvi tushirilgan qum soatini sovg‘a qildi, deya xabar berdi Anadolu agentligi.

Qizil Xoch xodimlari sobiq garovga olinganlarni Isroilga kuzatib boradigan SAXAL harbiylariga topshirdi.

Isroil shanba kuni kelishuv doirasida 369 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak.

  • Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh yanvar oyi o‘rtalaridan beri amal qilmoqda. Kelishuvning birinchi bosqichida HAMAS 33 nafar isroillik asirni ozod qilish, Isroil esa 1900 dan ortiq falastinlik mahbusni qamoqxonalardan ozod etish va G‘azo sektoridan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlash majburiyatini olgan.
  • 10-fevral kuni HAMAS Isroilni tinchlik kelishuvlarini buzganlikda ayblab, garovga olinganlarni ozod qilishni to‘xtatganini e’lon qilgandi. Guruh Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini o‘tkazmayotganini da’vo qilgan. Bunga javoban Isroil rasmiylari G‘azoda shiddatli harbiy harakatlarni qayta boshlash bilan tahdid qildi.
  • Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilni HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga chaqirdi va guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qildi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam bo‘ladi”.
  • 13-fevral kuni HAMAS Misr va Qatar vositachilari G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlarni bartaraf etishga va’da berganini va sulh yana kuchga kirganini bildirdi.