O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati OAV va internet kanallarida Xitoy fuqarolari Toshkentdagi Milliy bog‘da “miting” yoki “parad” o‘tkazgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Kun.uz e’lon qilgan videoda oq rangli kurtka va futbolka kiygan bir guruh odamlar xitoy tilidagi yozuvlar tushirilgan qizil rangli plakat va bayroqlarni ushlab, nimadir deb baqirayotganini ko‘rish mumkin.

Poytaxt hokimligining Kun.uz nashriga ma’lum qilishicha, Xitoy fuqarolari “Biz kuchlimiz” deya hayqirmoqda. Shuningdek, buni xitoylik talabalarning an’anaviy bahorgi aksiyalaridan biri deb taxmin qilishdi. “Hududni qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya ham, Toshkent shahri hokimligi va IIBB ham “ommaviy tadbir”dan bexabar edi”, — deb yozdi nashr.

“Aslida, 15-fevral kuni Huawei kompaniyasining ishchilari doimgidek shanba va yakshanba kunlari yugurish aksiyasini o‘tkazganlar”, — dedi IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov.

“Bannerlarda xitoy tilida „Sport — sog‘liq garovi, siz ham yugurib, sog‘lom bo‘ling“ degan yozuvlar mavjud bo‘lgan”, — dedi u.

“Bizning ham idora va tashkilotlar o‘rnak olsa arziydigan tadbir ekanini e’tirof etamiz”, — deya qo‘shimcha qildi IIV vakili.