Ukraina kelajagi, Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olgan telefon qo‘ng‘irog‘idan bir necha kun o‘tib, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MXK) diqqat markazida turibdi. Hafta boshidagi qo‘ng‘iroqni “ajoyib” deb ta’riflagan Tramp “bu dahshatli, juda qonli urushni tugatish uchun yaxshi imkoniyat borligini” aytdi. “Gazeta.uz” BBC nashrining mazkur urushning yakuniy bosqichi deb ko‘rilayotgan vaziyat haqida yozgan materialini o‘zbekchalashtirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakati har qanday tinchlik muzokaralaridan chetda qolmasligi kerakligi haqida ogohlantirdi.
Yevropa ittifoqchilari chaqiriqning mohiyatidan hayratda qolgandek tuyildi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaga taslim bo‘lishni o‘z ichiga olgan har qanday tinchlik kelishuvi “barcha uchun yomon” yakunlanishi haqida ogohlantirdi.
Tinchlik muzokaralari qachon boshlanishi hali aniq emas, ammo ular hudud atrofidagi masalalarni hal qilganda, xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar va Ukrainaning NATOdagi kelajagi muhokama qilinadigan asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.
Ukraina qaysi hududlarini yo‘qotdi va ular endi qaytariladimi?
Moskva hozirda Ukraina hududining beshdan bir qismini, asosan, janub va sharqni nazorat qilmoqda.
2014-yilda Ukrainaning rossiyaparast prezidenti ag‘darilgach, Rossiya Qora dengizdagi Qrim yarimorolini anneksiya qildi va rossiyaparast separatistlarni Donetsk va Lugansk viloyatlarida qonli janglarda qo‘llab-quvvatladi.
Konflikt deyarli uch yil oldin Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin keng qamrovli urushga aylandi.
Moskvaning poytaxt Kiyevni egallashga urinishlari barbod bo‘ldi, ammo rus qo‘shinlari o‘shandan beri asta-sekin o‘z hududiy nazoratini asosan sharqda kengaytirdi.
AQSh va Yevropa ittifoqchilarining qurol-yarog‘ va texnikasi bilan qo‘llab-quvvatlangan Ukraina kuchlari bu harakatlarni imkon qadar qiyinlashtirdi va ba’zida hududni qaytarib olishga, shuningdek, Rossiya g‘arbiga qarshi hujumga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Ukraina har doim har qanday tinchlik bitimi Rossiya qo‘shinlari Ukrainadan 2014-yilgacha bo‘lgan chegaralar, jumladan, Qrim, Donetsk va Luganskdan to‘liq olib chiqilishini o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidlagan. “Biz hech qachon bosib olingan hududlarni Rossiyaniki deya tan olmaymiz”, — dedi Zelenskiy MXK doirasidagi matbuot anjumanida.
Rossiya esa, aksincha, Ukraina sharqi va janubidagi to‘rtta hududni rasman o‘ziga qo‘shib oldi va ularning Rossiya tarkibida tan olinishini xohlamoqda — garchi bu hududlarning barchasini nazorat qilmasa ham.
Zelenskiy Guardian nashriga bergan intervyusida Ukrainadagi Rossiya nazorati ostidagi hudud tinchlik kelishuvi doirasida Rossiyaning g‘arbiy Kursk viloyatidagi Ukraina tomonidan egallab olingan hududga almashtirilishi mumkinligini aytgandi. Biroq Kreml tezda buni rad etdi.
Yaqin vaqtgacha Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilari Zelenskiyning butun Ukraina, jumladan, Qrim qaytarilishi kerakligi haqidagi pozitsiyasida turishgandi.
Ammo AQShning yangi mudofaa vaziri Pit Hegset fevral oyida bo‘lib o‘tgan sammitda 2014-yilgacha bo‘lgan chegaralarga erishish “noreal maqsad” ekanini aytdi. “Bu xayoliy maqsadga intilish urushni uzaytiradi va ko‘proq azob-uqubatlarga sabab bo‘ladi”, — dedi u.
Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi mumkinmi?
Ukraina NATOga qo‘shilishni istaydi, chunki a’zolari hujumga uchragan taqdirda bir-birini himoya qilishga va’da beradigan G‘arb harbiy alyansi uning xavfsizligini ta’minlashning eng yaxshi usuli ekanini ta’kidlaydi.
Kiyev uchun Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini uning xavfsizligini faqat NATOga a’zolik kafolatlashi mumkinligining isbotidir.
Biroq Rossiya NATO kuchlarini o‘z chegaralariga juda yaqinlashtirib qo‘yishidan qo‘rqib, Ukrainaning a’zo bo‘lish g‘oyasiga doimiy ravishda qarshi chiqqan.
MXKga kelar ekan, Zelenskiy Ukraina NATOning xavfsizlik kafolatlariga ishonishini aytdi, so‘ngra a’zolik “hamma uchun eng arzon variant” bo‘lishini qo‘shimcha qildi. Yevropa o‘zini himoya qilish uchun Ukraina atrofida birlashishi kerak, dedi u.
NATO a’zolari Ukraina kelajakda NATOga a’zo bo‘lishi kerakligini doimo ta’kidlab kelgan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Zelenskiyga mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun “qaytmas yo‘lda” ekanini aytgan.
Ammo AQSh mudofaa vaziri har qanday tinchlik kelishuvida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish ehtimolini kamaytirganidan so‘ng bu kafolatlar endi unchalik ishonchli ko‘rinmayapti.
“Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun NATOga a’zolik muzokaralar yo‘li bilan hal qilishning real natijasi ekaniga ishonmaydi”, — degadi Hegset.
Qanday xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lishi mumkin?
Foto: t.me/@V_Zelenskiy_official
Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan avvalgi muzokaralar tinchlik rejasini tuzish uchun “albatta yetarli emasligini” aytgandi. MXKga kelganida, u AQShdan kelayotgan signallar “kuchli”, ammo “turlicha” ekanini ta’kidladi.
Hegsetning ta’kidlashicha, Tramp ikki tomonni birlashtira oladigan “dunyodagi yagona odam” va AQShning tinchlik muzokaralari bo‘yicha urinishlari “albatta, bosqinchi rus qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan ukrainalik askarlarga xiyonat emas”.
Shu bilan birga, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Rossiya tinchlik sulhi bo‘yicha muzokaralar olib bormasa, Ukrainaga qo‘shin yuborish masalasi “hamon muhokamada” turganida aytdi.
“Prezident bu vaziyatga ko‘zi yumiq holda yondashayotgani yo‘q”, — dedi u Wall Street Journal nashriga.
Oktabr oyidayoq Zelenskiy Ukraina parlamentiga NATOga a’zo bo‘lish, AQSh va Yevropa Ittifoqining muhim tabiiy resurslarini birgalikda himoya qilish va Ukraina tuprog‘ida joylashtirilgan yadroviy bo‘lmagan strategik tiyib turish paketi orqali Rossiyani muvozanatda ushlash kabi muhim bandlarni o‘z ichiga olgan g‘alaba rejasini taqdim etgan edi.
Bu reja bo‘yicha o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jo Baydenga — shuningdek, o‘sha paytdagi prezidentlikka nomzodlar Kamala Harris va Donald Trampga ham ma’lumot berilgan.
Zelenskiy rejalarining qaysidir qismi tinchlik muzokaralariga olib chiqilishi noma’lum, biroq Hegset kelajakdagi har qanday xavfsizlik kelishuvida Ukrainada AQSh qo‘shinlari bo‘lmasligidan ogohlantirdi.
Zelenskiyning Guardian nashriga aytishicha, u AQSh ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlari ish berishiga ishonmaydi.
Times gazetasida keltirilgan Buyuk Britaniya mudofaa manbalarining ta’kidlashicha, AQSh Ukrainadagi tinchlikparvar kuchlarga foydali qazilmalarga ega bo‘lish evaziga havo hujumidan mudofaaning ma’lum bir shaklini — ehtimol Patriot raketalarini taqdim etishi mumkin.
Zelenskiyning Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasidagi uchrashuvlaridan ayrim iqtiboslari
Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan:
Birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, Rossiyaga qarshi 16 ta sanksiyalar paketi, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarning borishi Myunxenda uchrashuvimiz mavzulari bo‘ldi.
Yevropa xavfsizligining kelajagi hozir Ukrainada hal qilinmoqda. Hozir — adolatli va uzoq muddatli tinchlikni yaqinlashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish juda muhim bo‘lgan davr. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirish muhim. Davlatimiz Yevropa Ittifoqining 16 ta sanksiya paketi Rossiyaning urushni moliyalashtirishni davom ettirish qobiliyatini sezilarli darajada cheklaydi, deb hisoblaydi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan:
Amerika va Yevropa bilan birgalikda adolatli dunyoni yaqinlashtirish uchun samarali strategiyani ishlab chiqish va muzokaralar stolida birga o‘tirish kerak. Ko‘plab muhim masalalar, jumladan, xavfsizlik kafolatlari va Fransiyaning aniq takliflari muhokama qilindi.
Muhimi, biz urushning adolatli yakuni qanday bo‘lishi kerakligi haqida bir xil tasavvurga egamiz. Kelajakdagi umumiy xavfsizligimiz uchun barcha sa’y-harakatlar va “Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa” tamoyiliga sodiqlik uchun minnatdorlik bildiraman. Amerika va Yevropa bilan birgalikda adolatli dunyoni yaqinlashtirish uchun samarali strategiyani ishlab chiqish va muzokaralar stolida birga o‘tirish kerak. Ko‘plab muhim masalalar, jumladan, xavfsizlik kafolatlari va Fransiyaning aniq takliflari muhokama qilindi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan:
Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo davlatlar bilan urush tugashi bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirish va Rossiyani adolatli hamda uzoq muddatli tinchlikni yaqinlashtirishga majburlash bo‘yicha muvofiqlashtirish muhokama qilindi. Shartlardan biri Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari bo‘lishi kerak.
Davlatimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani hamda Bryusselda Ramshtayn va Ukraina — NATO kengashi formatida yig‘ilishlar o‘tkazayotgani uchun minnatdorlik bildiraman. Qabul qilingan barcha qarorlar imkon qadar tezroq amalga oshirilishiga umid qilamiz.
AQSh kongressmeni Mayk Terner bilan:
…Rossiya tajovuziga qarshi kurashda Ukraina xalqini ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi. Kongressmenlarga jang maydonidagi vaziyat, Kursk operatsiyasi natijalari va Shimoliy Koreyaning haqiqiy jangovar harakatlarda ishtirok etishi keltirib chiqarayotgan tahdidlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi Ukrainaga mudofaa yordamini davom ettirish, davlatimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish va xavfsizlikning ishonchli kafolatlarini ta’minlashdan iborat. Umumiy kuch orqali kafolatlangan va uzoq muddatli tinchlikka imkon qadar tezroq erishish muhimdir.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan:
Bir yildan beri muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan Ukraina mudofaa sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha Daniya modeli uchun minnatdorlik bildirdik.
Hamkorlar bilan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, mudofaa yordami, Rossiya yashirin flotiga qarshi kurashish, Yevropa birligini qanday saqlab qolish va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqining 16 ta sanksiya paketi Rossiya neftiga va butun soyadagi flotga, shuningdek, kapitanlar va ekipaj a’zolariga tegishli bo‘lishini kutmoqdamiz.