2025-yil 13-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Olmazor tumani sudida voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.
Unda qayd etilishicha, 1998-yilda tug‘ilgan A.G‘. 2024-yil 28-sentabr kuni tanishi — 2007-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni Olmazor tumanidagi mehmonxonaga olib borib, shahvoniy harakatlar sodir etgan.
Sud tibbiy ekspertizasining 2024-yil 22-oktabrdagi xulosasiga ko‘ra, qizga yengil jarohat yetkazilgan.
Sudda huquqbuzar A.G‘. yuqoridagi holatlarni tasdiqladi, ammo qizning voyaga yetmaganini bilmagani, qolaversa, qiz mehmonxonaga o‘z xohishi bilan borganini bildirdi. U, shuningdek, yomon niyati bo‘lmagani, qilgan ishidan pushaymonligi, oilaviy va moddiy sharoitini inobatga olib, yengillik berishni so‘radi.
Sud A.G‘.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik) va 52-moddasi 2-qismi (Qasddan yengil tan jarohati yetkazish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topdi.
Hukm o‘laroq ayblanuvchiga 5 sutka ma’muriy qamoq va bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari, ya’ni 750 000 so‘m jarima tayinlandi. Jazosini o‘tash 13-fevraldan boshlab hisoblangan.