Zulfiya mukofoti sovrindori, xonanda Shirin Abdullayeva vafot etdi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “O‘zbekkonsert” ma’lum qildi.
Abdullayeva 2005-yil 14-dekabrda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan. 2023-yilda u san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning “Lo‘li”, “Metro”, “Bezori” va boshqa qo‘shiqlari YouTube`da millionlab marta ko‘rilgan.
Shirin Abdullayeva, shuningdek, 2021-yilda Rossiyaning NTV kanalidagi mashhur teleko‘rsatuv — “Tы — Super!” ishtirokchisiga aylangan va yarim finalgacha borgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shirin Abdullayeva Pekindagi Sinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgandi. 2024-yilda o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan. Universitet Abdullayevani “O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi” deya ta’riflagan.
Shirin Abdullayevaning vafoti haqida yozilgan postlarda uning vafoti sababi so‘ralarkan, mualliflar “Kasal edi” deya javob qaytarishdi.
“Shaolin jang san’atini o‘rgangan. Rus, xitoy, ingliz tillarini mukammal egallagan. Bir qator kinolarda rol ijro qilgan. Kliplari internetda ancha tanilgan. Xitoy universitetida 100 foizli grant bilan o‘qiyotgandi… Beg‘ubor qiz edi. Hamkorlikda qo‘shiqlar yaratgandik”, — deya ta’ziya bildirdi xonanda ijro etgan bir nechta qo‘shiqlarning so‘zlari muallifi, shoir Bobur Bobomurod (jumladan, “Tashakkur” qo‘shig‘i).
“4 ta qizingdan ham zo‘r bo‘ladi hali shu kenjang”
Shirin Abdullayeva tadbirkor, tarkibida 20 dan ortiq korxonani birlashtirgan BA Holding ta’sischisi Bahodir Abdullayevning eng kenja — 5-qizi bo‘lib, otasi qizi haqida YouTube`dagi Jahongir Latipov blogiga bergan intervyusida gapirib o‘tgandi.
“[4 ta qizdan keyin] 5-farzandni UZI (ultratovush tekshiruvi — tahr.)da o‘g‘il bola deyishgan. Shuning uchun o‘g‘il bola kutganmiz. Ko‘proq onasi o‘g‘il xohlagan. Tug‘uruqxona tashqarisida kutib turibmiz, hamshira qiz chiqib, “Bahodir aka, qiz muborak bo‘lsin!” deganda kulib yubordim, xursand bo‘lib ketdim. Nega ekanini o‘zim ham bilmayman…
Ichkariga kirib, “Onasi, muborak bo‘lsin qiz farzand”, desam, yig‘lab, teskari qarab olgan. Meni xafa bo‘ldi deb o‘ylagan ekan. Men esa unga bunday qilmaslikni, mingdan ming rozi ekanimni aytganman. Hali ko‘rasan, 4 ta qizingdan ham zo‘r bo‘ladi shu kenja qizing, deganman. Mana, opalaridan kam bo‘lmadi", — deb eslaydi Abdullayev qizining tug‘ilishini.