O‘zbekiston aholisini ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash imkonsiz. Bu haqda 12-fevral kuni “O‘zsuvta’minot” rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda suv ta’minoti bo‘yicha 2017−2022-yillarda 68 ta, 2023-yilda 200 dan ziyod loyiha amalga oshirilgani, 2024-yilda ichimlik suv yetib bormagan mahallalarga suv yetkazish uchun Strategik islohotlar agentligi va “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 2 milliard 350 million dollarlik reja ishlab chiqilganiga qaramay, mamlakat aholisi ichimlik suv bilan haligacha to‘liq ta’minlanmaganiga izoh so‘raldi.

“O‘zsuvta’minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevga ko‘ra, 2035-yilgacha mamlakat bo‘yicha markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 95 foizga yetkaziladi.

“Ochig‘ini aytaman, [mamlakat aholisining ichimlik suvi bilan] ta’minlanganlik darajasini 100 foizga chiqarishning imkoni yo‘q. Hozir biz 2035-yilgacha bo‘lgan strategiya ustida ishlayapmiz. 2035-yilga borib respublika bo‘yicha markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 95 foizga yetkazish reja qilingan. Qolgan 5 foizi olis va tog‘li yoki tarmoq tortish ishlari texnik va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydigan hududlarga to‘g‘ri keladi. Ularga alternativ manbalar, ya’ni vodovoz yoki joyida suv ta’minotini ta’minlash choralari ko‘riladi”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, hozirgi kunda “O‘zsuvta’minot” xorijiy hamkorlar ishtirokida 2 milliard 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.

“Suv ta’minoti borasidagi loyihalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu jarayonlarga mablag‘ ajratayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa tashkilotlarning loyihani tanlashdan boshlab, uni tasdiqlash va moliyalashtirishgacha bo‘lgan jarayonlari bor. Bularning barchasi vaqt talab qiladi. Hozirda Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda mazkur jarayonlarni optimallashtirish ustida ma’lum bir ishlar amalga oshirilyapti”, — deya qo‘shimcha qildi Xurshid Rahmatullayev.

ichimlik suvi, uзsuvtaъминот

Foto: AOKA

U aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalarning yakunlanishi, sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar haqida gapirarkan, quyidagilarni sanab o‘tdi:

“Birinchisi sabab — texnologik yechimlar. O‘zbekistonning geografik joylashuvi, iqlimidan kelib chiqib, chet ellik konsultantlar yoki jalb qilingan ekspertlar tomonidan taklif qilinayotgan xorijiy texnologiyalarni o‘rganish ma’lum bir vaqt talab qiladi. Yevropa yoki boshqa mamlakatlarda ishlatish mumkin bo‘lgan texnologiyalar doim ham bizga to‘g‘ri kelmaydi.

Ikkinchi omil shuki, bizda standart talablari biroz yuqori, ya’ni oqova suv tizimlaridan tashlanadigan suvlarga nisbatan talab yuqori. Bir qator Yevropa yoki rivojlangan davlatlarda tozalangan oqova suv dengiz, daryo yoki okeanga chiqarib yuboriladi. Shu sabab ularda bu talablar biroz pastroq. Bizda esa oqova suvlar asosan, yerga yoki keyinchalik foydalaniladigan daryolarga oqiziladi. Mazkur masalada ham to‘g‘ri va yaxshi ma’nodagi bahs-munozaralar ketyapti. Bu ham loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishga ma’lum darajada ta’sir qiladi.

Uchinchi masala esa qarz bitimlarini jalb qilishda albatta, O‘zbekiston manfaatlarini maksimal darajada himoya qilish zarur. Deyarli hamma loyihalarimiz davlat kafolati ostida jalb qilinadi. Davlat kafolati ostida bo‘lganidan keyin mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarilishi hamda loyihalarni aytilgan muddatda tugatilib, ishga tushirilishi uchun O‘zbekiston tarafi ma’lum bir majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Shu sababli bitim loyihasini pishiq, puxta va sifatli qilib tayyorlash ham vaqt oladi", — dedi “O‘zsuvta’minot” rasmiysi.

Avvalroq, bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 1-martga qadar 850 dan ortiq mahalladagi suv ta’minoti muammosi hal etilishini, buning uchun 250 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini aytgandi.