Sirdaryo tumanidagi 1-maktabda o‘qituvchini kaltaklagan fuqaro ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

13-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro G. X. dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirib, o‘qituvchini haqorat qilgani va unga qo‘l ko‘targani aks etgan video tarqalgandi hamda bu jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Vazirlikning qayd etishicha, holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli bandlariga ko‘ra ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sudga viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan berilgan pisixiatrik ekspertiza xulosasi taqdim etilgan. Ushbu ekspertiza xulosasida qayd etilishicha, G. X. aqliy zaiflik yengil darajasi bilan xastalangan hamda huquqbuzarlikni sodir etgan vaqtda o‘z harakatlariga javob bera olmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sud ayolning umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi yuzasidan hukm chiqargan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holat yuzasidan munosabat bildirarkan, dars jarayoni va pedagoglar faoliyatiga aralashish holatlari aniqlansa, vazirlik zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishini ta’kidladi.

“Shuni tushunib olishimiz kerakki, maktabga duch kelgan odam (dars vaqtida, hatto, ota-ona ham) istaganicha kirib-chiqish, dars jarayoni va pedagoglar faoliyatiga aralashish, o‘qituvchiga do‘q qilish uyoqda tursin, madaniyat chegarasidan chetga chiqib gaplashishga haqli emas. Hurmatli o‘qituvchilar, jonkuyar pedagoglar, qadrli jamoamiz, sizning faoliyatingiz qonun bilan himoyalangan, qadr-qimmatingizni himoya qilish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz”, — deya yozdi u.

Eslatib o‘tamiz, ayolning o‘zi ham videomurojaat bilan chiqib, qilgan ishidan pushaymonligini ta’kidlagan.