Vashington va Minsk o‘rtasida “katta kelishuv” rejalashtirilmoqda, unga ko‘ra, Belarus “ko‘plab siyosiy mahbuslarni” ozod qiladi, AQSh esa mamlakatga qarshi sanksiyalarni yumshatadi. Bu haqda AQSh davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Kristofer Smit 13-fevral kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tgan G‘arb diplomatlari uchrashuvida ma’lum qildi, deb yozmoqda The New York Times nashri.
Gazetaning ta’kidlashicha, Smit bir kun avval — 12-fevralda Belarusga borgan, u respublika prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashgan. Bu so‘nggi besh yil ichida Belarus prezidentining AQSh Davlat departamenti yuqori martabali amaldori bilan birinchi uchrashuvi bo‘ldi va ikki davlat munosabatlaridagi “sezilarli iliqlik”ning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Uchrashuv natijasida uch mahbus, jumladan, AQSh fuqarosi ozod qilindi, deya qo‘shimcha qildi gazeta.
NYT`ning yozishicha, bu ikki voqea Vashingtonning G‘arbda uncha shuhrat topmagan yetakchilarni ko‘p yillar davomida izolyatsiya qilishga urinishlaridan voz kechganining belgisi bo‘ldi. Bu yetakchilarning mashhur emasligi ularning repressiv siyosati va Ukrainadagi urush tufayli edi.
Vilnyusdagi diplomatlar bilan uchrashuvda Smit uch mahbusning ozod etilishini “maxsus operatsiya” va “katta g‘alaba hamda prezident Trampning kuchi orqali tinchlik siyosatiga javob” deb atadi. Keyingi qadam, uning ta’kidlashicha, “katta kelishuv” bo‘lishi kerak, uning doirasida Lukashenko ko‘plab siyosiy mahbuslarni, jumladan, taniqli mahbuslarni ozod qiladi. Buning evaziga AQSh Belarus banklari va yirik ishlab chiqaruvchisi Belarus bo‘lgan kaliy o‘g‘itlari eksportiga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi lozim.
Vilnyusda o‘tgan uchrashuvda ishtirok etganlarning so‘zlariga ko‘ra, Smit Lukashenkoga Belarusdagi repressiyalarni yumshatishga tayyor ekani haqida ishonch bildirgan. Amerikalik diplomat AQShning bu jarayondagi asosiy maqsadi sifatida ko‘p sonli siyosiy mahbuslarni ozod qilish, shuningdek, “Lukashenkoga Rossiya ta’sir doirasidan tashqarida biroz tin berish” niyatini aytgan.
Davlat departamentida Lukashenko bilan aloqalar va kelishuv haqida rasman xabar berilmadi.
“Vesna” inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Belarusda 1226 nafar siyosiy mahbus bor. So‘nggi oylarda Lukashenko 200 dan ortiq mahbusni afv etish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Biroq, muxolifat faollarining so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt ichida undan ham ko‘proq odam hibsga olindi.
AQSh 2020-yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari atrofidagi vaziyat tufayli Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadan keyin 2021-yilning yozida Belarus iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. O‘shanda Lukashenkoning g‘olib deb e’lon qilinishi ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangan. Keyinchalik bir qator muxolifatchi siyosatchilar turli muddatlarga hukm qilindi, ularning bir qismi saylovlarda Lukashenkoning raqibi Svetlana Tixanovskaya boshchiligida xorijga chiqib ketdi.
G‘arb davlatlari saylov natijalarini tan olmadi. Belarusga qarshi sanksiyalar bir necha bor kengaytirildi. Lukashenko G‘arb tomonidan kiritilgan cheklov choralarini “bosqinchilik” deb atadi. Shu bilan birga, u sanksiyalar davri “imkoniyatlar vaqti” ekanini aytdi.
2025-yil yanvar oyida Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda Lukashenko, MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 86,82 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Bu uning yettinchi prezidentlik muddatidir.
AQSh Davlat departamenti Minskdagi elchixonasining faoliyatini keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, 2022-yil 28-fevralda to‘xtatgan. O‘shanda Davlat departamenti amerikaliklarga mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan. Keyinchalik AQSh Belarusga sayohat qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bir necha bor yangilagan.
Davlat departamentiga ko‘ra, Belarus hukumati o‘n minglab shaxslarni, jumladan, AQSh fuqarolari va boshqa chet el fuqarolarini muxolifat partiyalariga aloqadorligi va siyosiy namoyishlarda ishtirok etgani uchun hibsga olgan, hatto bu aloqadorlik Belarus tashqarisida sodir bo‘lgani haqida dalillar bo‘lsa ham. Hozirda Qo‘shma Shtatlarda jinoyat deb hisoblanmaydigan siyosiy harakatlar uchun 1300 ga yaqin mahbus qamoqqa olingan. Belarus hukumati mahbuslarga elchixona va advokatlar bilan uchrashish, qamoqxonalardan tashqarida oila a’zolari bilan muloqot qilish va ma’lumot olishni taqiqlagan.