O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Saboh 17-fevral kuni Al-Kuvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatilayotgan samimiy qabul va yuksak e’tibor uchun amirga minnatdorlik bildirib, Kuvayt yetakchisi va do‘st xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayramlar bilan qutladi.

Prezident Kuvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2035” davlat dasturini alohida qayd etdi.

шавкат мирзиёев, қуvaйт

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

“Yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, ikki mamlakat vakillarining san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga ko‘maklashishga kelishib olindi.

шавкат мирзиёев, қуvaйт

Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

2025-yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaror qildilar. O‘zbekiston prezidenti Kuvayt Amirini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.