Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylandi, deb xabar berdi Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 17-fevral kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylandi.

Yig‘ilishda yengil atletika sport turlarini respublikada yanada ommalashtirish hamda bu borada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.

Navbatdan tashqari saylov konferensiyasida federatsiya raisining o‘rinbosarlari va bosh kotibi ham saylandi. Tashkilotning yangi tahrirdagi ustavi qabul qilindi, deb qayd etdi Bojxona qo‘mitasi.

2024-yil 8-may kuni Bahodir Sidiqov O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasiga rahbar etib saylangandi. U 2020-yil yanvaridan 2023-yil martigacha “O‘zbekneftgaz” kompaniyasini ham boshqargan, shundan so‘ng Hisob palatasi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan.