O‘zbekistonning yana ikki shahri Turkiya shaharlari bilan birodarlashdi: Navoiy Zeytinburnu munitsipaliteti bilan va Shahrisabz Pendik shahri bilan. Bu haqda “Yuksalish” harakati axborot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Shu kunlarda Samarqand va Konya o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.

Hujjatlar O‘zbekiston hokimlarining malaka oshirish dasturi doirasida Navoiy shahri hokimi Dilmurod Ergashev va Zeytinburnu munitsipaliteti hokimi Omer Arisoy, shuningdek, Shahrisabz shahri hokimi Sherzod Bo‘riyev va Pendik shahri hokimi Ahmet Jin tomonidan imzolandi.

зейтинбурну, навоий, пендик, shahriсабз

Bitimlar iqtisodiy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport va turizm sohalarini rivojlantirish, madaniy merosni asrash, ekologik tashabbuslar, energetika, axborot texnologiyalari va transport kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bundan tashqari, mutaxassislar almashinuvi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Zeytinburnuda O‘zbekiston hokimlari zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishdi. Shahar muhitini yaxshilash, ekologiya va infratuzilma bo‘yicha innovatsion yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Delegatsiya tarkibiga Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi (TDBB) a’zolari bo‘lgan Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Shahrisabz va Yangi Namangan tumanlari hokimlari kirdi. Ittifoq 2003-yilda turkiy tilli mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida shahar boshqaruvi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Uning tarkibiga 30 mamlakatdan 1200 ga yaqin munitsipalitetlar kiradi.

Delegatsiyaga “Yuksalish” harakati rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov rahbarlik qilmoqda.

Dastur tajriba almashish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiy o‘sish va shahar resurslaridan samarali foydalanishning zamonaviy usullarini o‘rganish imkonini berdi, deb xabar berdi “Yuksalish”.