O‘zbekiston ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida 2017-yilgi islohotlar na tizimni takomillashtirdi, na unda tayyorlanayotgan ilmiy kadrlar sifatini oshirdi. Higher Education Policy ilmiy jurnalida chop etilgan “O‘zbekistonda doktoranturani isloh qilish: modellar, qoidalar va xulq-atvor me’yorlari”ga bag‘ishlargan maqola mualliflari shunday xulosaga keldi.
Tadqiqot mualliflari Qobil Ro‘ziyev (G‘arbiy Angliya universiteti, Buyuk Britaniya), Dilshoda Rabbimova (“Yangi O‘zbekiston” universiteti) va Mohidil Mamasoliyeva (Surrey universiteti, Buyuk Britaniya)ning ta’kidlashicha, bu islohotlar sifatni yaxshilash o‘rniga ilmiy daraja olishning himoyaga chiqish uchun zarur bo‘lgan dissertatsiyalar yoki ilmiy maqolalarni boshqalarga yozdirish, shuningdek, ilmiy tadqiqot natijalarini past sifatli — “yirtqich” jurnallarda nashr ettirish kabi egri yo‘llari keng ommalashishiga olib keldi. Bundan tashqari, doktoranturada o‘qitishning O‘zbekistonda shakllangan modeli sifatli ilmiy tadqiqot uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni uzatish imkonini bermaydi.
Ta’lim sohasi mutaxassisi Komil Jalilov “Gazeta.uz” iltimosiga ko‘ra tadqiqotni tahlil qilib, shu mavzu yuzasidan mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Ularning fikricha, muammolarning ildizini faqat O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xususiyatlaridan emas, balki maktab tizimidanoq izlash kerak.
Ortga qaytgan islohotlar: ikki bosqichli doktoranturadan bir bosqichli doktoranturaga va aksincha
Mualliflarning ta’kidlashicha, 2012-yili doktorantura tizimini ta’limning uchinchi — oxirgi bosqichi doktorantura hisoblanuvchi Bolonya tizimi talabiga yaqinlashtirish maqsadida prezident farmoni bilan ilmiy kadrlarni tayyorlashning Sovet Ittifoqidan meros qolgan ikki bosqichli tizimi bekor qilingan, biroq 2017-yilda u ilmiy darajalar uchun o‘zgartirilgan nomlar bilan qayta joriy etilgan.
Darhaqiqat, 2012-yilda prezident farmoni bilan 2010-yilgi prezident qarori asosida joriy etilgan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutlari tugatildi va oliy ta’limdan keyingi ta’limning “umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq” fan doktori ilmiy darajasini himoya qilish va berishni nazarda tutuvchi bir bosqichli tizimi joriy etildi. Farmon muqaddimasida qayd etilishicha, “ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning amaldagi ikki bosqichli tizimi (fan nomzodi va fan doktori) iqtisodiy rivojlangan demokratik mamlakatlarda qabul qilingan oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmaydi”. “Bugungi kunda amal qilayotgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi ta’lim jarayoni bakalavriat va magistratura standartlariga o‘tkazilgandan so‘ng nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish mohiyatan ortiqcha ekanligini ko‘rsatmoqda hamda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri dissertatsiyani himoya qilishni nazarda tutuvchi oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilish zarurligini taqozo etmoqda”, — deya ta’kidlangan edi hujjatda.
Biroq prezidentning 2017-yildagi farmoni bilan O‘zbekiston yana ikki bosqichli tizimga qaytdi, faqat boshqa nomlar bilan: falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi tayanch doktorantura va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi doktorantura. Farmon muqaddimasida bir bosqichli doktoranturadan voz kechish “oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda attestatsiyadan o‘tkazish tizimining sifati va samaradorligini tubdan oshirish”, “ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish” zarurati bilan izohlanadi. Keyinchalik oliy ta’limdan keyingi ta’limning ikki bosqichli tizimi — PhD va DSc darajalari “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlandi.
Tadqiqot mualliflari ikki bosqichli tizimga qaytishning boshqa sabablarini ham keltiradi. Ulardan biri — ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi imkoniyatlarining dissertatsiya himoyasiga ruxsat olish uchun ilmiy tadqiqot natijalarini nashr ettirishning yangi talablariga mos kelmasligidir. Izlanuvchilar uchun xalqaro e’tirof etilgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish talablari “deyarli imkonsiz” darajaga yetdi. Bu esa ta’lim muassasalari, olimlar va izlanuvchilar orasida islohotdan norozilikni keltirib chiqardi.
Yana bir sabab, tadqiqot mualliflarining fikricha, fan doktori ilmiy darajasini sovet davrida olgan “eski maktab” vakillarining noroziligi edi. Bir bosqichli tizimda yangi fan doktori darajasini ular ikkita dissertatsiya (nomzodlik va doktorlik) himoyasidan so‘ng olgan fan doktori darajasiga tenglashtirish ularning nafaqat izzat-nafsiga tegdi (“bizning davrimizda fan doktorlari kam edi”), balki moddiy manfaatlariga ham (ularning daromadlari ([rent-seeking] income) teng yarmiga qisqardi) putur yetkazdi, deya ta’kidlaydi tadqiqot ishtirokchilaridan biri.
Qizig‘i shundaki, ko‘plab mamlakatlarning milliy malaka tizimlarida “tegishli sohaning eng ilg‘or chegaralari va bilim sohalari tutashgan soha”ga oid bilimlarni, “tadqiqot va/yoki innovatsiyalardagi muhim muammolarni hal qilish, shuningdek, mavjud bilimlar yoki kasbiy amaliyotni kengaytirish va qayta ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan eng ilg‘or va ixtisoslashtirilgan ko‘nikmalar va usullarni, jumladan, sintez va baholashni” talab qiladigan sakkizinchi daraja bir darajali doktoranturaga to‘g‘ri keladi. Bundan so‘ng tegishli sohada falsafa doktori (PhD) darajasi yoki unga tenglashtirilgan daraja beriladi.
O‘zbekiston Milliy malaka tizimida sakkizinchi daraja ham PhD, ham DSc darajalarini o‘z ichiga oladi. Mohiyatan, dissertatsiyalar va himoyaga ruxsat berish talablari sezilarli darajada farq qilsa-da, ikki xil darajaga ega bo‘lganlarning bilim va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablar ajratilmagan. Dunyoning top-300 universitetlarida olingan PhD darajasining O‘zbekistondagi DSc darajasiga tenglashtirilishi ham bu ikki rasman farqli bosqichlar o‘rtasidagi bilim va ko‘nikmalar farqi bo‘yicha aniq tushuncha mavjud emasligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda doktorantura muammolari
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda doktorantlarni tayyorlash “ilmiy rahbar — izlanuvchi” tizimiga asoslangan. Doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchi ilmiy rahbarga biriktiriladi va uning rahbarligida o‘zi ilmiy tadqiqot olib borishni rejalashtirgan sohani hamda ilmiy tadqiqot usullarini mustaqil ravishda o‘rganishi lozim. Izlanuvchi o‘zi uchun shaxsiy ish rejasini tuzadi va reja ilmiy rahbar tomonidan tasdiqlanadi. Bu reja izlanuvchi o‘rganishi kerak bo‘lgan adabiyotlar, konferensiyalarda ishtirok etish, maqolalar chop ettirish kabi boshqa faoliyatlarni o‘z ichiga oladi. Izlanuvchi vaqti-vaqti bilan rejaning bajarilishi to‘g‘risida universitetga hisobot berib turadi.
Bunday yondashuvda universitetlar doktorantlar va ularning rahbarlarini tadqiqot o‘tkazishning ilg‘or usullari bo‘yicha o‘qitish imkoniyatiga ega emas. Qayd etilishicha, ko‘pincha ilmiy rahbarlarning o‘zi o‘z fan sohasi bo‘yicha zamonaviy tadqiqot usullari va fanning so‘nggi yutuqlari haqida yetarli bilimga ega bo‘lmaydi. Bundan tashqari, rahbarlarning o‘zlarida xorijiy tillarni bilmasligi sababli nufuzli xalqaro retsenziyalanadigan jurnallarda maqola chop etish tajribasi kam.
Ko‘pgina mamlakatlarda fan doktorlarini tayyorlash institutsional mas’uliyat sifatida qaraladi: tartibga solish, bo‘lajak doktorlarni tayyorlash sifatini ta’minlash va ularni o‘qitish graduate schools — doktorantura bo‘limlari orqali amalga oshiriladi. Doktoranturada o‘qish jarayoni ilmiy tadqiqot va dissertatsiya himoyasidan tashqari, modullarni (kurslarni) o‘rganish va seminarlarda ishtirok etishni o‘z ichiga oladi. Bu izlanuvchiga ilg‘or tadqiqot usullari bo‘yicha zarur nazariy asos va ko‘nikmalarni beradi, shuningdek, fikr va tajriba almashish imkoniyatini yaratadi. O‘quv dasturlaridan tadqiqotni ishlab chiqish, tadqiqot usullari, ma’lumotlarni to‘plash va ulardan foydalanish, fan epistemologiyasi, tadqiqot olib borish va uning natijalarini nashr etish etikasi, fanlararo tanqidiy tahlil kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan. Shuningdek, doktorantlarga sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganishdan tadqiqot vositasi sifatida foydalanish, matnli va vizual ma’lumotlar, ijtimoiy tarmoqlardan olingan ma’lumotlar va “katta ma’lumotlar” (big data)dan foydalanish o‘rgatiladi.
Tadqiqot mualliflari, shuningdek, ko‘pincha O‘zbekiston universitetlari doktorantlar va ularning ilmiy rahbarlariga zamonaviy bilim ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim eta olmasligini ta’kidlaydi. Faqat ayrim “elitar” universitetlargina xalqaro ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu esa tadqiqotchilarga nufuzli xalqaro retsenziyalanadigan jurnallarda maqola chop etish va yuqori sifatli original tadqiqotlar olib borishni sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Yetarli moliyalashtirilmaslik va salohiyatning yetishmasligi ham oliy ta’lim muassasalarining jahon ilmiy hamjamiyatiga qo‘shilishiga, boshqa mamlakatlar tadqiqotchilari bilan hamkorlik qilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Tadqiqotda O‘zbekistondagi doktoranturaning ko‘plab mamlakatlarda qabul qilingan tizimdan yana bir muhim farqi — ilmiy darajalar berishning markazlashtirilganligi qayd etilgan. Ko‘pgina mamlakatlarda fan doktori darajasi (yoki uning ekvivalenti) universitet tomonidan beriladi: izlanuvchi odatda dissertatsiyani og‘zaki himoya qiladi, imtihon hay’ati esa kasbiy mulohazaga (professional judgement) va darajani beruvchi universitet qoidalariga asoslanib, nomzodning ishi sifatini o‘rganadi va baholaydi. Hukumatning vazifasi esa universitetlar amal qilishi lozim bo‘lgan umumiy huquqiy asoslarni belgilashdan iborat.
Dissertatsiya nashr etish uchun yetarli darajada sifatli (publishable quality) bo‘lishi kutilsa-da, himoyadan oldin nashr etishning qat’iy talabi yo‘q.
O‘zbekistonda ilmiy darajalar berish markazlashtirilgan: Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) dissertatsiyani himoya qilishdan oldin maqolalar chop ettirishga, chop ettirilishi zarur bo‘lgan maqolalar soniga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, shuningdek, dissertatsiya himoyasidan oldin “tadqiqot natijalarining joriy etilganligi” to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qiladi. Bunday yondashuvda sifatni ta’minlash ko‘rsatma va qoidalarga rasman mos kelishdan iborat bo‘lib qoladi. “Sifatni ta’minlashga bunday murakkab jarayonlarga asoslangan yondashuv keraksiz byurokratiyani keltirib chiqaradi va, bundan ham muhimrog‘i, me’yorlar nuqtai nazaridan axloqsiz va korrupsion amaliyotlarni cheklamaydi, balki rag‘batlantiradi”.
OAK tomonidan qo‘yiladigan rasmiy talablarga javob berish uchun tadqiqotchilar maqolalarni boshqalarga yozdirish (ghostwriting) va maqolalarni ma’lum bir to‘lov evaziga taqrizsiz yoki tahrirsiz va sifatidan qat’i nazar chop etib beradigan “yirtqich” jurnallarda nashr etish kabi axloqsiz va korrupsion usullardan foydalanadi.
Ta’kidlash joizki, bu muammolar boshqa mualliflar tomonidan ham ko‘tarilgan. Masalan, Gert-Rudiger Vegmarsxaus shunday yozadi: “Tizim davlatning qat’iy va har tomonlama nazorati ostida ishlaydi. O‘z ma’muriy apparatiga ega bo‘lgan prezident, Oliy attestatsiya komissiyasi va tegishli vazirliklar oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini to‘liq belgilab beradi. Barcha bitiruv ishlari Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan nazorat qilinadigan attestatsiya tizimi G‘arb liberal demokratiyalarida mavjud bo‘lgan akademik tizimdan keskin farq qiladi”.
Ibrohim G‘aniyev va uning hammualliflari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti sohasida doktorlik tadqiqotlari bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan tadqiqotida ta’kidlashicha, “maqola nashr qilishga qo‘yiladigan me’yoridan ortiq talablar doktorantlarga qo‘shimcha yuklama beradi va ularni tadqiqotning o‘zidan chalg‘itadi. Doktorantlar bu talabni bajarishning uddasidan chiqqan taqdirlarida ham, juda kam sonli maqolalargina xalqaro retsenziyalanadigan jurnallarda e’lon qilinadi”.
EurasiaNet nashrida e’lon qilingan “O‘zbek tadqiqotchilari bosim ostida akademik muhitni safsata bilan to‘ldirmoqda” sarlavhali maqolada shunday deyiladi: “O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasining „deyarli imkonsiz“ talablaridan biri doktorantlar tomonidan kamida 10 ta ilmiy maqola (shu jumladan, bittasi xorijda) chop etishdir”. Maqola muallifi qiziqarli statistikani keltiradi: 2010-yilgacha O‘zbekistondan maqolalarning 90 foizi nufuzli xalqaro jurnallarda chop etilgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib bu ko‘rsatkich 2 foizga tushgan: maqolalarning 98 foizi “yirtqich” jurnallarda chop etilgan, bu esa O‘zbekiston olimlarini “ba’zi olimlar ochiqchasiga „safsata“ (bullshit)deb ataydigan tadqiqotlarni tarqatishda jahon yetakchilariga” aylantirgan.
Boshqa axloqqa zid va korrupsion amaliyotlar qatorida tadqiqot mualliflari dissertatsiyaning izlanuvchi uchun boshqalar tomonidan yozib berilishini ham ta’kidlaydi. “Dissertatsiya yozib berish xizmatining mavjudligi — hammaga ayon bo‘lgan sir. Har bir oliy o‘quv yurtida shunday xizmatlarni taklif qilish bilan tanilgan shaxslar bor… Mening tajribamga ko‘ra, doktorlik dissertatsiyalarining yarmidan ko‘pini yozishda ana shunday axloqqa zid usullardan foydalanilgan”, deydi tadqiqot suhbatdoshlaridan biri. Tadqiqotda bitta dissertatsiya yozib berish uchun 3000 dan 5000 AQSh dollarigacha bo‘lgan raqamlar keltirilgan, garchi mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, narxlar ikki baravar yuqori bo‘lishi mumkin. Shunday hollar ham bo‘ladiki, “ilmiy rahbarligi ostidagilar” uchun rahbarning o‘zi yozib beradi yoki ularni o‘ziga “buyurtma” berishga undaydi.
Tadqiqotda qayd etilgan yana bir muammo — himoyaga chiqishda tanish-bilishlardan foydalanish. “Nomzodlarning aksariyati o‘z darajalarini kuchli akademik kompetensiyalar tufayli emas, balki yaxshi tanish-bilishchilik aloqalari va moliyaviy resurslar evaziga oladi”, deya iqtibos keltiriladi tadqiqotda va tadqiqot mualliflari xulosa qiladi: “Me’yorlar zaif, resurslar esa qimmatli va cheklangan sharoitda eksklyuziv va ekstraktiv (ajratib oluvchi) shaxslararo aloqalarga qaramlik kuchayadi… Bunday amaliyot nafaqat tadqiqotchilarning mehnat qilish va sifatli tadqiqotlar o‘tkazish istagini so‘ndiradi, balki bunday eksklyuziv va ekstraktiv aloqalarning bir qismi bo‘lmagan iste’dodli odamlarni kamsitadi ham”.
Muammoning ildizi bakalavriat va maktabga borib taqaladi
Tadqiqot mualliflari “bilimlar rivojiga hissa qo‘shish va ularni amalda qo‘llashga layoqatli tadqiqotchilarning keyingi avlodini tayyorlash”ni maqsad qilgan doktoranturaning “ideal” modelini sovet va o‘zbek doktorantura tizimlari bilan taqqoslab, O‘zbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash muammolarini tahlil qilgan holda, muammoning ildizlarini O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimi xususiyatlarida ko‘rib chiqishga harakat qiladi.
Oliy ta’limning klassik Gumboldt modelining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — akademik erkinlik, ilmiy va o‘qitish faoliyatining uyg‘unlashuvi hamda bilimlarni ishlab chiqarishga uzoq muddatli e’tibor qaratishdir. XX asr oxirida paydo bo‘lgan neoliberal modelda bu xususiyatlar hukumat, biznes va jamoatchilik ehtiyojlariga javob beradigan tadqiqot va o‘qitish faoliyatining amaliy qiymatini ko‘rsatish zarurati bilan uyg‘unlashadi.
Ushbu modellardan farqli o‘laroq, oliy ta’limning sovet modeli qat’iy iyerarxiya, davlat tomonidan qat’iy belgilangan chegaralarda akademik erkinlik, tadqiqot va o‘qitish faoliyatining aniq chegaralanishi bilan ajralib turadi. Oliy ta’lim muassasalarining faoliyati ilmiy tadqiqotlarga emas, balki, asosan, mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan edi. Oliy o‘quv yurtlari o‘zlarining o‘quv dasturlarini tasdiqlash vakolatiga ega emas, balki vazirlik tomonidan tasdiqlangan standart dasturlarni amalga oshirishlari kerak edi.
Bu xususiyatlarning barchasi 1991-yilda SSSR parchalanganidan keyin O‘zbekistonga meros bo‘lib o‘tdi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, O‘zbekiston oldida o‘qituvchining mavqeyi (teacher-centered), davlatning to‘liq nazorati va jahon ilmiy hamjamiyatidan yakkalanish bilan tavsiflanuvchi kasbga o‘qitishga yo‘naltirilgan oliy ta’lim modelidan tadqiqot va o‘qitish uyg‘unligi, akademik erkinlik hamda muassasalar va shaxslar o‘rtasidagi meritokratik raqobatga asoslangan paradigmaga o‘tishdek jiddiy vazifa turibdi.
Amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar va cheklovlar OTMlarga akademik erkinlik bermayotgani va kredit tizimining mohiyatini yo‘qqa chiqarayotgani, bu esa mahalliy OTMlarning jahon ta’lim makoniga qo‘shilishini imkonsiz qilib qo‘yayotgani haqida avvalroq yozgan edim. O‘shandan beri vaziyat unchalik o‘zgarmadi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, doktorantura muammolari — “aysbergning cho‘qqisi”, xolos. Tanqidiy fikrlash va tadqiqot faoliyati ko‘nikmalarini rivojlantirmaydigan bakalavriat va magistratura dasturlari islohotlarga muhtoj.
Maqolani tayyorlash jarayonida men bilan suhbatlashgan mutaxassislar bizning sharoitda muammoning ildizini maktabdanoq izlash kerakligini ta’kidladi. Tanqidiy fikrlash, tahlil qilish, taqqoslash, xulosa chiqarish kabi ko‘nikmalar, shuningdek, halollik, birovning ishini ko‘chirib olish va o‘ziniki qilib ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik kabi tushunchalar maktab partasidayoq shakllantirilishi kerak.
Biroq, men avval ham ta’kidlaganim va PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlar natijalari ko‘rsatib turganidek, maktab ta’limining maqsad va vazifalari aniq ko‘rsatilgan yagona va samarali hujjat — o‘quv dasturining (curriculum) mavjud emasligi, axborot uzatish va quyi darajadagi kognitiv ko‘nikmalarga e’tibor qaratish, tegishli darsliklarning yetishmasligi, goh Finlyandiya, goh Singapur modellari bilan doimiy tajribalar, yodlash va ko‘chirib yozishni me’yorlashtiruvchi yangi baholash tizimi kabi muammolar mavjud ekan, bakalavriat, magistratura va doktoranturaga tanqidiy fikrlaydigan, muammolarni hal qila oladigan va ilm-fanni oldinga siljitadigan mutaxassislar kelishini kutish qiyin
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.