Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida metan zapravka 5,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 8-fevral kuni inspeksiya markaziy apparati mutaxassislari tomonidan tumanda joylashgan “P. M. G.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Mutaxassislar shoxobchaning gaz hisoblagichi ko‘zdan kechirish uchun borganda, uskuna o‘rnatilgan xonadan noma’lum shaxs qo‘lida kabel ko‘targan holda chiqib kelgan va tekshiruvchilarni ko‘rib qochib ketgan.
Shundan so‘ng gaz hisoblagich ko‘zdan kechirilganda hisoblagichning aloqa tarmog‘i (porti) uzilmagani kuzatilib, hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani shubha qilinib, uskuna konfiguratsiyalarini tekshirtirish uchun yechib olinishi bildirilganda, AGTKSH rahbarlari tomonidan to‘sqinlik qilingan va hisoblagichni yechib olishga qarshilik ko‘rsatilgan.
Shu vaqtda kutilmaganda Sirdaryo tumani IIB tezkor vakili kelib, “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassisi A.N. ga tegishli avtomashinani ko‘zdan kechirib, shubhali ravishda noma’lum modda topib, voqeya joyidan mutaxassisni olib ketgan, deyiladi idora axborotida.
Ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra (AGTKSHning video kameralarida qayd etilgan lavhalarga ko‘ra) hodisa shoxobcha mas’ul shaxslari tomonidan qasddan uyushtirilgani aniqlangan.
Tadbir davomida jamiyatga qarashli gaz hisoblash uskunasi ma’lumotlar bazasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lgan. Dastlabki hisob-kitoblariga asosan, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 740 mln so‘mni (2,2 mln kub metr) tashkil etgan. Aniqlangan holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organiga yuborildi.
Inspeksiyaga ko‘ra, ushbu tadbirkorlik subyektida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish takroran sodir etilgan. 2024-yilda mazkur AGTKSH rahbariga qarashli Sirdaryo viloyatida joylashgan 2 ta AGTKSHda (“S.A.L.” va “M.G.” MCHJlar) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlab, jami 28,3 mlrd so‘mlik zarar hisob-kitob qilingan.