O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv bo‘yicha yagona narx joriy qilinishi kutilmoqda. Bu haqda 12-fevral kuni “O‘zsuvta’minot” rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda “Gazeta.uz” muxbiri Respublika bo‘yicha elektr enegriyasi va gaz tariflari hamma iste’molchi uchun bir xilligi, lekin nega ichimlik va oqova suv uchun narxlar viloyatlarda turlicha ekanligiga izoh so‘radi. “O‘zsuvta’minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning qayd etishicha, hududlarda suv ishlab chiqarish xarajatlarining turlicha bo‘lgani asosiy sabab hisoblanadi.
“Haqiqatan bu masala dolzarb. Viloyatlardagi narxlarning har xilligi suv yetkazib berish manbalari va ulardagi ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq. Misol uchun, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 50−100 metrdan suv chiqadi. Lekin suv sho‘r va qattiqlik darajasi yuqori. Shu sababli uni ichimlik suviga aylantirish xarajatlari qimmat. Toshkent shahrida suv Chorvoqdan o‘zi oqar tarzda keladi va filtrlanib, aholiga yetkazib beriladi. Vodiy viloyatlarida esa suvni 300−400 metrdan qazib chiqarishga to‘g‘ri kelyapti. Nasosga sarflanadigan elektr enegriya va boshqa xarajatlar uchala viloyatda ham turlicha hisob-kitob qilinadi. Shu kabi omillar sababli viloyatlardagi tariflar har xil”, — deydi Rahmatullayev.
Uning aytishicha, ayni paytda ichimlik va oqova suv uchun ham respublika bo‘yicha yagona tarifini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
“To‘g‘ri aytib o‘tdingiz, hozir elektr energiyasi va gaz bo‘yicha narxlar respublika bo‘yicha yagona. Biz ham respublika bo‘yicha yagona tarifni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bunga xorijiy konsultantlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ammo bu ancha jiddiy masala. Bu ijtimoiy va geosiyosiy, qolaversa, texnik jihatdan katta tayyorgarlik ko‘rishni, juda ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab qiladi. Yaqin kelajakda bu bo‘yicha albatta, jamoatchilik muhokamasini o‘tkazib, iste’molchilarning fikr-mulohazalarini o‘rganamiz va so‘ngra joriy qilish choralari ko‘riladi”, — deydi u.
Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, ichimlik va oqova suv bo‘yicha yagona narxning yo‘lga qo‘yilishi “O‘zsuvta’minot” uchun eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. “Bu jarayonga baribir kelishimiz kerak. Misol uchun, ikkita viloyat chegarasida joylashgan bitta mahalla aholisi ikki xil tarifda suv ichadi, ya’ni ko‘chaning narigi tarafi boshqa narxda, bu tomoni esa boshqa tarifda. Bu masalani hal etishda avvalo, yuqorida aytganimdek, jamoatchilik munosabatini o‘rganishimiz zarur”, — deydi Xurshid Rahmatullayev.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumot: