Samarqand viloyatida qaynona o‘z kelinini o‘ldirdi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2024-yil 3-oktabr kuni Narpay tumanida sodir bo‘lgan. Ayblanuvchi avvalroq ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lib, farzandlarini mehribonlik uyiga tashlab ketgan. Biroq voyaga yetgan o‘g‘lining to‘yidan so‘ng u yashashga joyi yo‘qligini vaj qilib uyiga qaytgan.
Ayol birinchi kunlardanoq kelinini kamsitib, haqorat qila boshlaydi. Yosh kelin onasiga doimiy haqoratlar haqida shikoyat qiladi.
Bir kuni o‘g‘lining yo‘qligidan foydalanib, ayol mojaro boshlagan. O‘zaro janjal davomida kelinini telefonni zaryadlovchi shnuri bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi, so‘ng shisha idish, qaychi va oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan. Yosh ayol olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Qotillikdan so‘ng qaynona qochishga urinadi, lekin ko‘p o‘tmay qo‘lga olindi.
Sud unga 97-moddaning 2-qismi “g” bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topib, 57-moddadagi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.