Haftaning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha quruq va bahoriy iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet agentligi.

Dushanba kunduzi O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Yakshanba kuni havoni keskin sovuq bo‘lganidan so‘ng harorat tez ko‘tarila boshlaydi va kunning o‘rtasiga kelib havo +8…13 darajagacha isiydi.

18−19-fevral kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda va 19-fevral kuni Samarqand, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Ushbu kunlarda havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

Haftaning ikkinchi yarmida kunduz kunlari havo +15…+20 darajagacha ko‘tariladi. Sinoptiklarga ko‘ra, bu harorat mart oyining oxiri va aprel oyining boshidagi iqlim ko‘rsatkichlariga mos keladi.

Harorat kechalari +3…+8 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Shamol sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 18-fevralda ayrim joylarda 13−18 m/s gacha kuchayadi.

Toshkentda shahrida 17−20-fevral kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. 17−19-fevralda harorat asosan kechalari 0…+3 daraja, kunduz kunlari +11…+14 daraja iliq, 20−21-fevralda kechalari +2…+5 daraja bo‘ladi, kunduz kunlari +15…+18 darajagacha ko‘tariladi.