O‘tgan hafta nafas yo‘llari infeksiyasi bilan kasalxonaga yotqizilgan Papa Fransisk test natijalari “murakkab klinik kartina”ni ko‘rsatganidan keyin kasalxonada qoladigan bo‘ldi, deb yozmoqda New York Times Vatikanning bayonotiga tayanib.
Vatikanning aniqlik kiritishicha, 88 yoshli pontifikda nafas yo‘llarining polimikrob infeksiyasi bor, bu esa uning davolanishini modifikatsiyalashni talab qilgan.
AP xabariga ko‘ra, pontifik juma kuni bronxit xurujidan so‘ng “qoniqarli” holatda Rimdagi Agostino Jemelli universiteti klinikasiga yotqizilgan. Keyingi kunlarda uning isitmasi pasayib, ahvoli barqarorlashgan.
Vatikan matbuot kotibi Matteo Brunining aytishicha, pontifik dushanba kuni ertalab “yaxshi kayfiyatda” bo‘lgan: u dam olgan, nonushta qilgan va kundalik gazetalarni o‘qigan.
Fransiskning shifoxonaga yotqizilishi munosabati bilan Vatikan joriy oyda Rim papasi tashrif buyurishi kerak bo‘lgan bir qator tadbirlarni, jumladan, 19-fevraldagi an’anaviy umumiy qabulni bekor qildi.
Argentinalik pontifik qariyb 12 yildan buyon Rim-katolik cherkoviga rahbarlik qilib kelmoqda. Yoshligida u kasallikdan so‘ng o‘pkasining bir qismini oldirib tashlagan, shuning uchun u tez-tez nafas yo‘llari kasalliklari xurujidan aziyat chekadi, deya ta’kidlaydi AP. Fransiskning tizzasida ham muammolar bor, shu sababli u so‘nggi yillarda nogironlik aravachasi va hassadan foydalanadi.
2023-yil mart oyida Fransiskka pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan, ammo o‘shanda u uch kundan keyin kasalxonadan chiqqandi.