Ish haqi, pensiya va nafaqalarning oshishi haqida tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda ish haqi, pensiya va nafaqalarning 1-martdan va 1-avgustdan 10 foizga oshirilishi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.
Vazirlik buni rad etib, ish haqi va pensiyalar bo‘yicha har qanday rasmiy ma’lumotlar tegishli davlat organlarining rasmiy manbalari orqali e’lon qilinishini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, oxirgi marta pensiyalar va nafaqalar 2024-yil sentabrda 15 foizga oshirilgan, shuningdek, 1-oktabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshi esa 15 foizga ko‘tarilgandi.
Avvalroq 2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish xarajatlari uchun 6,63 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgani xabar berilgandi.