SMS-xabarnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi Play Mobile kompaniyasi Uzcard tizimidagi kiruvchi xabarlar uchun tariflar oshirilishini ma’lum qildi.

1-martdan Beeline, Humans, Perfectum, Ucell, Mobiuz va UzMobile operatorlari abonentlari uchun 5800 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga ko‘tariladi.

Kompaniyaning qayd etishicha, SMS-xabarnoma xizmatlari narxlari 2019-yilning iyul oyidan beri o‘zgarmagan. Shu bilan birga, SMS-trafik hajmi 75 foizga oshgan, bu esa “dasturiy-apparat majmuasiga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan”. Quyidagi xarajatlar ham oshgani aniqlangan:

  • dasturchilarni yollash;
  • dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash;
  • ishlab chiqarish infratuzilmasini yangilash;
  • xizmatlarni hamkorlar va mobil aloqa operatorlari bilan integratsiya qilish.

Bundan tashqari, xizmatlar narxiga “tashqi omillar” — elektr energiyasi narxining 100 foizga, bazaviy hisoblash miqdorining 68 foizga va aloqa operatorlari tomonidan undiriladigan bitta SMS o‘rtacha narxining 300 foizga oshishi ta’sir ko‘rsatgan.

Uzcard`ga qarashli Plum Technologies to‘lov tashkiloti ham CardXabar Telegram boti orqali xabardor qilish xizmatlari narxini oshirdi. Mazkur xizmat uchun amalda oyiga 1000 so‘mdan to‘lov olinsa, 1-martdan boshlab narx xabarlar limitiga bog‘liq bo‘lgan paketlar joriy etilmoqda: eng arzon paket — Start (250 tagacha SMS) 5 ming so‘mni tashkil etadi, eng qimmati — Infinite tarifi esa (20 mingdan boshlab SMS) — 500 ming so‘m.

play mobile, sms, sms-xabarnoma

Play Mobile 2013-yil dekabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya ta’sischilari Miradil Miryoqubov (60 foiz), Obidjon Asatov (20 foiz) va Xojiakbar Tillashayxov (20 foiz) hisoblanadi.