Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda 18-fevral kuni Rossiya va AQSh delegatsiyalari ishtirokida Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Kommersant”.

Politico nashrining qayd etishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlaridan iborat guruh Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralariga tayyorgarlikni boshlash uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan.

AQSh tomonidan muzokaralarda davlat kotibi Mark Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogning ishtiroki kutilmayapti, deya ta’kidladi Politico.

Rossiya muzokaralar guruhiga Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev kirishi mumkin, deb yozdi Bloomberg.

15-fevral kuni Rubio Lavrovga qo‘ng‘iroq qilgandi. Diplomatlar “Ukraina atrofidagi tartibga solish”ni muhokama qilgan va “davlatlararo muloqotni tiklashga” kelishib olgan.

Avvalroq Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar Saudiya Arabistonida o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularda Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari ishtirok etadi.

Yakshanba kuni Tramp jurnalistlarga muzokaralarda Zelenskiy “ishtirok etishini” aytdi, biroq qanday rol o‘ynashi haqida batafsil ma’lumot bermadi, deya aniqlik kiritdi AP.

Zelenskiy Ukraina bo‘yicha uning mamlakati kiritilmagan har qanday muzokaralarni qabul qilmasligini aytgan. O‘z navbatida, Yevropa hukumatlari ham uchrashuvlarda o‘z rollarini talab qilmoqda.

Kiyev uchun Saudiya Arabistonidagi muzokaralar haqidagi xabarlar kutilmagan bo‘ldi, dedi Politico nashriga ismi oshkor etilmagan Ukraina rasmiysi. Ukraina vakillari 16-fevral kuni Saudiya Arabistoniga amaliy tashrif bilan kelgan, biroq Ukraina prezidenti ofisida urushni tugatish rejasi ishlab chiqilmaguncha Rossiya tomoni bilan uchrashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan.

16 fevra kuni kechqurun Vladimir Zelenskiy rafiqasi Yelena Zelenskaya bilan birga rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga bordi.

“Asirlikdan yanada ko‘proq odamlarimiz uylariga qaytishi ustuvor vazifa. Shuningdek, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklik. Katta gumanitar dastur”, — deb yozdi Zelenskiy tashrifini e’lon qilarkan.