Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi ayrim mahallalarga “Tashvish” tugmalari o‘rnatildi, deb xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, bu prezidentning “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan.

Chilonzor tumani Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Milliy gvadriya hamkorlikda Chilonzor tumanidagi qizil toifadan o‘rin olgan 6 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli qilish maqsadida barcha sektor rahbarlari ishtirokida yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

Unga muvofiq, xavfsiz ko‘cha va xavfsiz hudud tamoyili asosida har bir ko‘p qavatli uy atrofiga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, shubhali holat yuzaga kelganda ichki ishlar organi va Milliy gvardiya xizmati xodimlariga o‘z vaqtida xabar yetkazish uchun “Tashvish” tugmalari o‘rnatildi.

Tugma bosilganda hududiy ichki ishlar bo‘limi va gvardiya tizimiga integratsiya qilingan maxsus qurilma darhol mas’ul xodimlarni ogohlantiradi. Ushbu tugma bosilganda 4−6 daqiqa vaqt ichida gvardiya xodimlari voqea joyiga yetib keladi.

Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Asqarovning ta’kidlashicha, “Tashvish” tugmasini kim bosganini bilish uchun kameralar ham o‘rnatilgan. Ko‘chalarda Face-ID (yuzdan tanib olish) kameralari qo‘yilgan.