Mehnat kodeksiga foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiyani hisoblash bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. Bu prezident tomonidan 13-fevralda imzolangan qonunda nazarda tutilgan.

Shu paytgacha Mehnat kodeksining 234-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanishi belgilangandi. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, bunda endilikda yakshanba kuni inobatga olinmaydi.

Agar avval kompensatsiya barcha kalendar kunlari uchun hisoblangan bo‘lsa, endi foydalanilmagan ta’til davri yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, ushbu kun uchun to‘lov amalga oshirilmaydi.

Aytaylik, xodim ishdan bo‘shaganda 10 kunlik ta’tildan foydalanmagan bo‘lsa, kompensatsiya barcha 10 kun uchun to‘lanar edi. Endi esa ushbu davrda 1 ta yakshanba bo‘lsa, kompensatsiya faqat qolgan 9 kun uchun hisoblanadi.

O‘zgarish ishdan bo‘shash yoki ta’tilning bir qismini pulli kompensatsiyaga almashtirish holatida to‘lovlar miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, maosh saqlanmaydigan ta’tilga (241-modda) oid o‘zgartishlar kiritildi. Endi uning muddati avvalgidek kalendar yili emas, balki istalgan o‘n ikki oylik davr ichida uch oydan oshmasligi kerak.

Ilgari 3 oylik maosh saqlanmaydigan ta’til limiti kalendar yili (1-yanvardan 31-dekabrgacha) bo‘yicha hisoblangan. Endi u oxirgi maosh saqlanmaydigan ta’tildan boshlab istalgan ketma-ket 12 oylik davr ichida hisoblanadi.

Endi xodim avvalgi oylarda uch oylik ta’tildan foydalangan bo‘lsa, yangi yil boshlanishi bilan uni qayta ololmaydi.

Masalan, ilgari xodim 2024-yil oktabrda bir oy ta’til olgan bo‘lsa, 2025-yil 1-yanvardan yana to‘liq uch oylik ta’til olish imkoniyatiga ega edi. Endi esa 2025-yil oktabrga qadar u faqat ikki oy ta’til olishi mumkin, chunki hisob-kitob ketma-ket 12 oylik davr asosida yuritiladi.

Mehnat kodeksiga, bundan tashqari, fuqarodan ishga kirishda pasport, mehnat va pensiya daftarchasi talab qilinmasligi hamda homiladorligi yoki farzandi borligi sabab xodimni ishdan bo‘shatish taqiqlovchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Shuningdek, o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibi aniqlashtirildi. Xususan, barcha mehnat to‘lovi tizimlarida xodimning o‘rtacha maoshi so‘nggi 12 kalendar oyda hisoblangan umumiy daromadning 1/12 qismi sifatida belgilanadi. Bu hisob-kitob xodim uchun o‘rtacha maosh saqlanadigan oydan oldingi 12 oylik davr asosida amalga oshiriladi.

Ilgari o‘rtacha ish haqi faqat vaqtbay to‘lov tizimiga to‘g‘ri kelgan va u oxirgi oy uchun maosh bilan birga 12 oy davomidagi har xil qo‘shimchalar, premiyalar va boshqa to‘lovlardan 1/12 qismi hisoblanar edi.

Shu bilan birga, o‘rtacha ish haqi hisoblash usuli barcha xodimlar uchun umumiy bo‘lib, har qanday to‘lov tizimiga tatbiq etilgan. Lekin, ilgari hisob-kitobda oxirgi oyning tarif stavkalaridan foydalanilgan bo‘lsa, endi bu tartib bekor qilingan, bu esa to‘lovlar miqdoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.