Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

O‘zbekistonda joriy haftaning seshanba-chorshanba kunlari Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida biroz yog‘ingarchiliklar bo‘lishi mumkin. Ushbu nam havo oqimlari Turkmaniston hududlaridan kirib keluvchi atmosfera jarayonlariga bevosita bog‘liq. Ammo uning yog‘in ulashish “quvvati” u darajada ko‘p emas.

Manba: NASAManba: NASA

Umuman olganda, hafta davomida O‘zbekistonda asta-sekin yuqori ko‘tarilib borish xususiyati ega ob-havo kutiladi. Payshanbaga qadar joylarda harorat kunduzi +18 darajagacha, payshanba-juma kunlari esa +20 darajagacha iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Tungi haroratning ham ko‘tarilib borishi xuddi bahor boshlarida kuzatiladigan iliq harorat muhitini taqdim etadi.

18 va 19-fevral kunlari ayrim hududlarda kuzatilishi taxmin qilinayotgan qisqa muddatli yog‘ingarchilik hisobga olinmasa, O‘zbekistonda yakshanbaga qadar yog‘ingarchilik kutilmaydi. Hafta oxirida mintaqaga navbatdagi nam havo oqimlari kirib kelishi fonida mamlakatning aksariyat qismida yog‘ingarchiliklar kuzatilishini taxmin qilish mumkin.

Qishki “bir isib berish” tamoyili ortidan sovish hodisalari bo‘lishi muqarrar bo‘lgani kabi, fevralning oxirgi haftasida ham O‘zbekistonda havo haroratining yana pasayib ketishi meteorologik xaritalarda ham ko‘rinib turibdi.


Manba: Meteoinfo.ruManba: Meteoinfo.ru

Oddiy qilib aytganda, hafta ob-havosi iliq (haftaning ikkinchi yarmida issiq hatto), ish kunlari esa (ayrim viloyatlarda seshanba va chorshanba kunlari bo‘ladigan qisqa muddatli yog‘ingarchilik hisobga olinmasa) yog‘ingarchiliklarsiz o‘tishi kutilyapti.

Joriy hafta energetika tarmog‘ida gaz quvurlaridagi bosimga ob-havo ta’siri kamroq bo‘ladi. Payshanbadan vodiy viloyatlaridagi metan gaz-zapravkalari faoliyatida ham, katta ehtimol bilan, barqarorlik kuzatilishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida esa janubiy viloyatlardagi bahoriy iliqlilik sabab, dov-daraxtlarda ertaroq uyg‘onish davri kuzatilishi mumkin.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 17-fevral kuni joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi shimol va vodiy viloyatlarida +11 darajagacha, boshqa viloyatlarda +10…+15 darajagacha, janubiy viloyatlarida +17 darajagacha iliq, tunda shimol va tog‘larda −3…−8 darajagacha sovuq, boshqa hududlarda -2 daraja sovuqdan +5 daraja iliqgacha o‘zgaradi. Joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.

Sinoptiklar 18−20-fevral kunlari haroratning asta ko‘tarilib borishi, 18−19-fevral kunlari Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, 19-fevral kuni Jizzax va Samarqand viloyatlarida yomg‘ir ko‘rinishida biroz yog‘ingarchiliklar bo‘lishini ma’lum qilgan. Ayni vaqtda, tog‘larda uncha ko‘p bo‘lmagan yomg‘ir-qor ko‘rinishida yog‘ingarchiliklar bo‘ladi. Boshqa kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 18-fevral kuni vodiy viloyatlaridan tashqari boshqa hududlarda shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha kuchayishi taxmin qilingan.

Seshanbadan boshlab markaziy hududlarga nam havo oqimining kirib kelishi tungi haroratning ham sezilarli yuqori ko‘tarilishiga olib keladi. Hatto, shimoliy va tog‘li hududlarni hisobga olmasa, respublika bo‘ylab tungi minimum harorat nol darajadan yuqori kuzatiladi. 18−19-fevral kunlari shimoliy hududlar va tog‘lardan tashqari boshqa joylarda harorat +10…+15 daraja, 20-fevral kuni +20 darajagacha yuqori ko‘tariladi. Ayrim hududlarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.

Manba: WindyManba: Windy

Juma, shanba va yakshanba kunlari aholi havo haroratining yanada yuqori ko‘tarilib borishiga guvohi bo‘ladi. Tungi harorat ham ko‘tarilib, xuddi bahoriy iliqlilik kuzatiladi. Shanba-yakshanba kunlari mintaqaga navbatdagi nam havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Yakshanba kuni joylarda haroratning sezilarli pasayib ketishini taxmin qilish mumkin.

Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.

“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (17−23-fevral kunlari) davomida Hisor tog‘ tizmalaridan tashqari joylarda harorat shu davrga xos o‘rtacha iqlimiy qiymatdan 1−3 daraja yuqori bo‘lishi prognoz qilingan. Yog‘ingarchilik bo‘yicha esa shimol uchun shanba-yakshanba kunlari kutilayotgan yog‘ingarchiliklar hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yetti kunlikda shu davrga xos iqlimiy me’yordan ko‘proq, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda Qashqadaryo-Buxoro mintaqasining ayrim hududlarida me’yoriy, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida me’yordan ancha kam yog‘ingarchilik kutiladi. Hafta tog‘larda yana ham quruq o‘tishi kutilmoqda.

Shunday qilib, hafta davomida yog‘ingarchilik respublika hududi bo‘ylab umumiy taqsimotda shu davr uchun xos me’yor atrofida, harorat bo‘yicha esa me’yordan yuqori, ya’ni “issiq” bo‘lishi ma’lum qilingan.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Joriy ish haftasi ob-havo muhiti ob-havo o‘zgarishlariga ta’sirchan kishilar salomatligiga u qadar katta xavf tug‘diradigan darajaga ega emas.

Ish kunlari O‘zbekistonda shu mavsumga xos atmosfera bosimi kutiladi. Ya’ni, bu davrda aynan atmosfera bosimining o‘zgarishlari bilan bog‘liq vaziyat salomatligimizga ta’sir etmaydi. Ammo, hafta o‘rtalaridan havo haroratning ko‘tarilishi kishilarda biroz kislorod yetishmovchiligi, umumiy lanjlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Dam olish kunlari esa navbatdagi sovuq va nam havo oqimlarining mintaqaga shamollar bilan kirib kelishida “barik tubsizlik” hodisasining past darajalari kuzatilishi, bu ob-havo o‘zgarishlariga moyil, ayniqsa, qon bosimi kasalligidan aziyat chekayotgan kishilar salomatligida o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq kislorod yetishmovchiligi hamda “barik tubsizlik” holatiga ta’sirchan kishilar o‘z salomatligida o‘zgarishlar sezsalar oldingi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiqdir.

Bioiqlimiy sharoitlar

Kutilayotgan hafta ob-havosi shimoliy hududlar va tog‘lardan tashqari boshqa joylarda xuddi bahoriy ob-havo muhitini taqdim etgani uchun juda qalin kiyimlarni kiyishga ehtiyoj bo‘lmaydi. Qolaversa, tungi va tonggi muddatlarda ham haroratning nol darajadan ancha yuqori kuzatilishi o‘rta va keksa yoshli kishilarning bosh kiyimsiz yurishiga imkon beradi. Payshanbadan boshlab kunduzi yengil kiyimlar kiyib olishlari ham mumkin.

Shimoliy hududlar va tog‘larda esa kunuduzi quyosh nurlari havoni real harorat qiymatidan yuqoriroq his qilish imkonini bersa-da, kechgi, tungi va tonggi muddatlarda baribir qalinroq kiyinish tavsiya etiladi.

Kosmik ta’sirlar

O‘zbekistonliklar dushanba kuni “sariq” xavfga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlariga ta’siriga tushishi mumkin. Haftaning qolgan ish kunlarida “yashil” darajadagi — xavfsiz magnit bo‘ronlari kuzatilishi prognoz qilinmoqda.

Ko‘plab prognoz modellari 15−16-fevral kunlari Quyosh fotosferasida M yoki X sinfli quyosh chaqnashlar kuzatilmaganini ko‘rsatyapti. Ya’ni, seshanba yoki chorshanba kuni Yerda kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari ehtimoli yo‘q.

Manba: Xras.ruManba: Xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham dushanba kuni ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatlikka biroz xavf tug‘diruvchi “sariq” darajadagi, ya’ni kuchsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan. Boshqa kunlarda esa kishilar aynan mana shu kosmik ta’sirlardan aziyat chekmasliklari ma’lum qilingan.

Manba: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois, magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiqdir.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Joriy hafta respublika bo‘ylab antitsiklon jarayon kutilmalari mavjud emas. Bu havoning aynan ob-havo o‘zgarishlari sabab uzoq muddat ifloslanishiga olib kelmaydigan muhitni taqdim etadi. Ammo seshanba va dam kunlari mintaqaga nam havo oqimlarining kirib kelishidan oldin kuzatiladigan frontoldi shamollari havoda mayda dispers zarachalari ortishiga sabab bo‘lishi va qisqa muddatli havo ifloslanishlari ro‘y berishi mumkin.

Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, 17-fevraldan 23-fevralgacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba va chorshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilmoqda.