Poytaxt va Toshkent viloyatida emissiya me’yorlarini buzayotgan yuzlab issiqxona, zavod va ijtimoiy obyektlar aniqlandi, deb xabar qildi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi Ekologiya vazirligi va boshqa idoralar xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan 762 ta obyekt — 103 ta issiqxona, 450 ta ijtimoiy obyekt va 209 ta sanoat korxonasida atmosfera havosini muhofaza qilish me’yorlariga rioya etilishi tekshirildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ularning 416 tasi (54,6 foizi) tutun, chang va gaz chiqarish me’yorlarini buzgan.

Jumladan, 70 ta issiqxonada sifatsiz qozonlardan foydalanilgan, 83 tasi ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagan, 24 ta issiqxonada atmosferaga chiqindi gazlarni tozalash filtrlari o‘rnatilmagan (ayrim issiqxonalarda bir nechta qoidabuzarliklar mavjud).

Ijtimoiy sohada 18 ta tibbiyot chiqindilarini yoqish, 5 ta dudbo‘ronlar to‘lib qolishi holatlari qayd etilgan.

Sanoat korxonalarida 40 ta obyekt ekologik ekspertizadan o‘tmagan, 108 tasida filtr mavjud emas, 39 tasi samarasiz tozalash moslamalaridan foydalanadi, 29 tasi esa zararli moddalar chiqindilari bo‘yicha belgilangan me’yorlardan oshib ketgan. Ayrim zavodlarda ham bir nechta qoidabuzarliklar mavjud.

Korxonalar rahbarlari qonunbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan ogohlantirildi.

Fevral boshida Toshkent viloyatidagi ekoreyd natijalari e’lon qilingach, tarmoqlarda havo ifloslanishi o‘lchovining to‘g‘riligi bo‘yicha bahslar paydo bo‘lgandi. Ekovazirlik normadan oshish kuzatilmaganini aytgan. O‘shanda ma’lum qilinishicha, Toshkentga kiruvchi havo oqimlarining 80 foizi issiqxona konsentratsiyasi yuqori hududlardan o‘tadi.