Tashqi reklama tartibini buzgan “Aloqabank”ning Angor tumani xizmat ko‘rsatish markaziga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llandi, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Tashkilotning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi o‘tkazgan o‘rganish davomida bank tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzgani aniqlangan.

Maxsus komissiya reklama to‘g‘risidagi qonun va Vazirlar Mahkamasining tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi. “Aloqabank”ning Angor tumani xizmat ko‘rsatish markaziga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Davr Bank`ka nisbatan mikrokredit bo‘yicha tashqi reklamada aniq ma’lumotlarni keltirmagani uchun moliyaviy jarima qo‘llagandi. Bundan avval Invest Finans Bank ham shu kabi kamchilik uchun jarimaga tortilgandi.

O‘tgan yil oktabr oyida onlayn mikroqarz xizmati reklamasida chalg‘ituvchi ma’lumotlar bergan Hamkorbank va avgust oyi so‘nggida reklamasida omonat xizmati yuzasidan muhim ma’lumotlarni bermagan Universalbank jarimaga tortilgandi. Undan avvalroq “Ipak yo‘li” banki reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan edi — u omonat turlari reklamasida muhim ma’lumotlarni to‘liq bermagan. Bank reklamada omonat haqida batafsil ma’lumotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola yo‘qligini tan olgan va uzr so‘ragan.

Iyul oyida Qo‘mita “Ipotekabank”ni Super omonatini reklama qilgani uchun jarimaga tortgandi. Reklama materiallari yiliga 26 foiz rentabellikni ko‘rsatgan, ammo rasmiy shartlarga ko‘ra, dastlabki uch oydan keyin bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaytiriladi.

Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni buzganlik uchun AVO Bank’ka ham jarima solgan. Bonuslar sahifasi va kredit karta materiallarida potensial noto‘g‘ri ma’lumotlar o‘rin olgandi. Bundan tashqari, OFB’ning Termiz shahri filialiga nisbatan ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari uchun jazo choralari qo‘llangan.