Toshkentdagi faollar hududida turar joy majmuasi, mehmonxona va sport markazi qurilishi rejalashtirilgan “Anhor Lokomotiv” bog‘ini saqlab qolish uchun imzo yig‘ishni boshladi.
Loyiha haqida nimalar ma’lum?
9−10-fevral kunlari ijtimoiy tarmoqlarda bog‘da qurilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.
Golden House qurilish kompaniyasining mahsulot bo‘yicha direktori Vadim Pavlovning taqdimotiga ko‘ra, bog‘ hududida biznes va premium toifadagi ko‘p qavatli turar joy binolari, biznes markazi va savdo markazi, basseynli sport majmuasi, konferensiya markazi, apart-mehmonxona, sayr qilish joylari, suv bo‘yida restoranlar va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sun’iy suv havzasi va bolalar plyaji barpo etish ko‘zda tutilgan.
Attraksionlar olib tashlanishi kutilmoqda, biroq qo‘shni “Navro‘z” etnoparki hududi va charxpalak buzilmaydi.
Maketga ko‘ra, savdo majmuasi, karting-klub, qoyaga chiqish zonasi ham buziladi.
Qarshi petitsiya
Avvalroq “Moviy gumbazlar” bog‘ida Mustaqillik monumenti qurilishiga qarshi aksiyada ishtirok etgan “Kosmonavtlar bog‘imizni himoya qilamiz” Telegram-kanali 14-fevral kuni “Anhor Lokomotiv” bog‘ining qurilish tarixi haqida ma’lumot berdi.
Nashrda 2014-yilda aviatsiya zavodi filiali buzib tashlanganidan keyin hududni qurish loyihasi aks etgan fotosurat taqdim etilgan.
Loyihani amalga oshirish 2016-yilda ochilgan “Anhor Lokomotiv” attraksionlar parki bilan boshlangan. O‘shanda bo‘sh turgan hududga 10 mingdan ortiq daraxt va manzarali o‘simliklar ekilgan, deyiladi nashrda.
2018-yilda, post muallifining so‘zlariga ko‘ra, prezident qarori bilan qurilish davom ettirilgan — sayyohlarni jalb qilish va xalq hunarmandchiligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Navro‘z” sayilgohi va hunarmandlar shaharchasini tashkil etish boshlangan.
2019-yilda poytaxt aholisi va mehmonlari obodonlashtirilgan hududda sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo loyihaning qolgan qismi to‘xtatib qo‘yilgan va hozirga qadar amalga oshirilmagan. Shu bilan birga, o‘tgan 10 yil davomida ekilgan o‘simliklar ildiz otib, o‘sib chiqqan va bog‘ soya-salqin maskanga aylangan.
Telegram kanal “bog‘ni buzib, uning o‘rniga 20 ta ko‘p qavatli bino qurishni nazarda tutuvchi” yangi loyihaning foto va videolari paydo bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Maqola muallifi so‘nggi yillarda bog‘lar barpo etishga mablag‘ va kuch sarflanayotgani, keyin esa o‘n yildan so‘ng ularni qurilish uchun buzish sabablari haqida savol ko‘tardi.
15-fevral kuni Telegram kanal bog‘ni qayta qurish rejasiga qarshi onlayn petitsiya e’lon qildi.
“Bog‘ o‘rniga yangi majmua qurish va keyinchalik 10 mingdan ortiq daraxt hamda yashil maydonlarni ayovsiz kesib tashlash, o‘tmishda eng ko‘kalamzor bo‘lgan shahar ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu bog‘da ishlaydigan yuzlab xodimlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishiga ham olib keladi”, — deyiladi petitsiyada.
17-fevraldan boshlab bog‘ qurilishiga qarshi yana bir petitsiya tashkil etildi. Telegram-kanal ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida 1500 dan ortiq kishi “Anhor Lokomotiv”ga tashrif buyurib, petitsiya imzolagan.
Ko‘plab bloger va faollar, jumladan, ekobloger Mo‘’tabar Xushvaqtova (O‘rikguli) ham bog‘ni saqlab qolish tarafdori bo‘ldi.
“Labzak” mahallasi raisi, 1988-yildan buyon shu mahallada istiqomat qilib kelayotgan Ozoda Ismoilaning aytishicha, ilgari mavjud bog‘ o‘rnida yashil bog‘ bo‘lgan, “daraxtlar kesib tashlangani uchun undan 20 foizga ham qolmagan.”
To‘rtta binodan iborat loyiha kengaytirildimi?
Urbanist Iskandar Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, dastlab loyihada 4 ta bino qurilishi va obodonlashtirish ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lgan.
Buyurtmachi Park Retail kompaniyasi bo‘lib, uning ta’sischilari Qurilish universal kompakt servis (99 foiz) va Shohrux Tolipov (1 foiz) hisoblanadi.
Ilgari Park Retail ta’sischilari orasida Anhor Sayli (bog‘ga egalik qiluvchi) ham 10 foiz ulush bilan bor edi. 8,35 gektar maydonni egallagan bog‘ 2022-yil fevral oyida 376,5 mlrd so‘mga savdoga qo‘yilgan. Hozirda obyektning egasi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ko‘rsatilgan.
Ushbu kompaniya ilgari Golden House bilan bog‘liq bo‘lgan Unique Trade Business MCHJdan uchastkani sotib olgan (OAV ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab u loyiha bilan shug‘ullangan).
“Labzak” mahallasida yashovchi aholi Anhor kanali bo‘yidagi to‘rtta binodan iborat turar joy majmuasi qurilishini to‘xtatish uchun quruvchi bilan sudlashdi. Natijada sud qurilishni to‘xtatishga hukm chiqardi. Lekin faollarning ta’kidlashicha, qurilish ishlari davom etmoqda.
Votum Rating nashriyot uyi va GRANDPR aloqa agentligi 30-dekabr kuni Labzak mahallasi aholisi va toshkentliklarni Park Retail MCHJ turar joy majmuasi qurilishini muhokama qilishga taklif qilganini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, yangi loyiha toshkentliklarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda yaratiladi.
“Gazeta.uz” Votum Rating`dan tadbirning yakuniy bayonnomasini so‘ragan. Kompaniya uni taqdim etishga va’da berdi, lekin taqdim etmadi.
Mahalla aholisining nashrga ma’lum qilishicha, ularga Hilton mehmonxonasida taqdimot o‘tkazilishi haqida xabar berilgan. Uchrashuv Hyatt mehmonxonasida bo‘lib o‘tganini ular xabardan keyin bilishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli ular muhokamada qatnashib, o‘z takliflarini bildira olmagan va loyiha bilan tanisha olmagan.
Yangi eskizlarda uylar to‘rtta emas, balki bir necha barobar ko‘p. Loyiha “Anhor Lokomotiv” parkining bir qismini ham qamrab oladi, bu esa qurilishni ancha zichlashtiradi.
Iskandar Soliyev bunday yuklama bu hudud uchun qanchalik asosli ekaniga shubha bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, transport qulayligi masalasi ochiq qolmoqda. Tuman shundoq ham tirbandlikdan aziyat chekmoqda, qurilish zichligi oshishi bilan vaziyat yomonlashishi mumkin, deb hisoblaydi urbanist.
Rasmlarda chiroyli ko‘rinadi, lekin biz buni allaqachon boshdan kechirganmiz: dastlab “yashil hudud” va’da qilinadi, keyin esa 20 yildan keyin soya beradigan bir nechta maysazor va daraxtlar qoladi, dedi shaharsoz.
Shuningdek, u shaharga attraksion parklar kerakmasmi, deya savol qo‘ydi.
“„Anhor Lokomotiv“ — inqirozga yuz tutayotgan birinchi attraksion park emas. Toshkentda bu endi ishlamayapti deganimi? Ammo Andijonda shahar markazida yangi ko‘ngilochar bog‘ qurilmoqda yoki boshqa ma’lumotlarga ko‘ra „chumoli uyasi“. Agar bunday bog‘lar yashovchan bo‘lmasa, ularni qayta-qayta qurishning nima keragi bor? Keyinchalik qurilish uchun yerni sotish uchunmi?” — deb savol berdi Soliyev.
Loyiha mualliflari va bog‘ ma’muriyati holatga hozircha izoh bermadi.