Diplomat Kristofer Duggan Kanadaning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

18-fevral kuni TIV rahbari Baxtiyor Saidov Duggandan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Vazirning Telegram kanalida yozishicha, hozirda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari faol tashqi siyosat olib bormoqda, mintaqaning global roli ham kengayib bormoqda.

“Biz O‘zbekiston-Kanada aloqalarida hali ro‘yobga chiqmagan katta salohiyat ko‘rmoqdamiz. Janob elchiga faoliyati davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida mavjud ko‘priklarni mustahkamlash va yangilarini barpo etishda muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deya ta’kidladi Baxtiyor Saidov.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Alan Hemson edi. U 2023-yil oktabr oyida missiyasini yakunlagan Elison Lekler o‘rnini egallagandi.