Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi, deb xabar berdi quyi palata axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 18-fevral kuni o‘tkazilgan majlisda palataning Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan.
Ushbu tuzilma yoshlarning bilim va demokratik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
Komissiya o‘z oldiga quyidagi vazifalar maqsad qilib oldi:
- parlament bilan yoshlar qatlami hamkorligini yanada kuchaytirish;
- qonunlarda yoshlar manfaatlarini ilgari surish;
- yoshlarning keng salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish.
Majlisda Shahnoza Joldasova komissiya raisi etib tasdiqlandi. U 2021-yildan beri Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik va ta’lim olish uchun yangi imkoniyatlar haqida ma’lum qilgandi. Majlisda barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning ovozini eshitishga majbur, deya ta’kidlagan prezident.
Prezident Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli Zayed Sustainability Prize nominatsiyasida g‘olib deb topilganini aytgan.
“Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”, — dedi prezident.
Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. Prezident u yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rgani, oxirgi saylovda ana shu yoshlardan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylanganini ta’kidladi.