Surxondaryo viloyati Uzun tumanida 15-fevral kuni ona va bola o‘ldirilib, uyi yoqib yuborilgani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Ma’lum qilinishicha, Yangiyo‘l mahallasida yashovchi fuqaro soat 03:39 da tuman IIB navbatchilik qismiga murojaat qilib, qo‘shnisi M.R.ning xonadonida yong‘in bo‘layotganini aytgan.

Maxsus guruh voqea joyida M.R. va uning voyaga yetmagan farzandi O.H. bosh qismidan olgan jarohatlari sabab vafot etganini ko‘rgan.

Shuningdek, yana ikki nafar voyaga yetmagan bola — M.H. va Z.H. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qism “a” bandi (Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.