Mudofaa sanoati agentligi O‘zbekiston nomidan Abu Dabida bo‘lib o‘tayotgan IDEX-2025 xalqaro mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Har ikki yilda o‘tkaziladigan, bu yil 17−21-fevral kunlariga to‘g‘ri kelgan ko‘rgazmada O‘zbekiston harbiy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan harbiy texnikalar, jumladan, dronlar va elektron urush tizimlari, shuningdek, ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston uchun ajratilgan pavilonlardan “Arslon” 8×8 va 6×6 zirhli transport vositalari, shuningdek, yuk mashinasi shassisiga o‘rnatilgan “To‘fon” o‘ziyurar gaubitsasi ham o‘rin oldi.
Besh kunlik tadbir doirasida ilg‘or harbiy texnologiyalar, strategik sheriklik, sanoat innovatsiyalarini namoyishi, kiberxavfsizlik hamda sun’iy intellekt va xavfsizlikning kelajagini belgilaydigan yirik shartnomalar imzolanishi ko‘zda tutilgan.