17-fevral kuni Facebook`dagi “TCHSJ i kak s nim jit?” (XUJMSH va u bilan qanday yashash kerak?) guruhida Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligi mansabdori va ayol o‘rtasidagi mojaro aks foto va videolar joylandi.

Xabar muallifi Z.Tolipova xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSH) raisi sifatida uy-joy kommunal xizmat bo‘limi boshlig‘i Otabek Atoyev tomonidan hokimlikka chaqirilgani haqida yozgan.

Hodisa joyida hokimlik vakili raisga fuqaro uning ustidan shikoyat qilganini aytgan. Shundan so‘ng vaziyatni muhokama qilish paytida janjal kelib chiqqan va oqibatda ayol xodimning muloqot qilish uslubidan norozi bo‘lib, xonadan chiqib ketgan.

Postda ta’kidlanishicha, koridorda XUJMSH raisi uy ahlining Telegram kanali uchun jonli efir qila boshlagan. Shu payt, uning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Atoyev xonadan otilib chiqib, ayolning qo‘lidagi telefonini tortib olgan va unga tashlangan — ayolni stol ustiga yiqitib, koftasini yirtgan va qo‘llarini tirnagan. Ayolning qichqirig‘idan so‘ng hokimlik xodimlari yugurib kelgan va hamkasbini undan ajratgan.

Post muallifi tomonidan e’lon qilingan videolarning birida hujum sodir bo‘lgan payt aks etgan bo‘lsa, boshqasida hodisadan so‘ng shokka tushgan ayolning yig‘isi eshitiladi.

Keyinchalik XUJMSH raisiga yordam berish uchun u boshqargan “dom” fuqarolaridan biri yetib kelgan, biroq ayolning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Atoyev u bilan ham o‘zini nomaqbul tutgan. Videoda erkak mansabdorga fuqarolar davlat xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda ularning roziligini so‘ramasdan tasvirga olish huquqiga ega ekanini tushuntirayotgani eshitiladi. Amaldor esa bu noto‘g‘ri ma’lumot ekanini aytadi.

Muzokara hokimlikning kadrlar bo‘limi boshlig‘i ishtirokida davom etgan, biroq Tolipovaning aytishicha, Atoyev aybini tan olmagan.

“Birinchi martda post yozishim, chunki har doim barcha muammolarni muzokaralar orqali hal qilardim. Ammo bu vaziyatdan juda jahlim chiqdi. Men janjaldan so‘ng holimni yo‘qotdim […] Uning qo‘pol harakatlari sabab butun tanam va boshim og‘riyapti, ishchanligimni ham deyarli yo‘qotdim. Davlat idorasi xodimi qanday qilib ayol kishiga qo‘l ko‘tarishi mumkin? Unga davlat idorasida, ayniqsa, aholi bilan ishlaydigan idorada joy yo‘q, deb o‘ylayman”, — deb yozadi muallif xulosasida.

Mirobod tumani hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, XUJMSH raisi prezidentning 5152- sonli qarori va ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risidagi hukumat qarori ijrosini ta’minlash maqsadida chaqirilgan.

Hokimlikning qayd etishicha, ko‘p kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etadigan, 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etilgani to‘g‘risida savol-javob bo‘lgan vaqtda Atoyev va Tolipova o‘rtasida “og‘zaki nizo” kelib chiqqan.

“Ayni vaqtda holat yuzasidan O.Atoyev hamda Z.Tolipova bilan tegishli mas’ullar ishtirokida o‘rnatilgan tartibda suhbat o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Hokimlik Tolipovaga nisbatan kuch ishlatilganiga izoh bermadi.