Shavkat Mirziyoyev Kuvaytga tashrifi doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda 17-fevral kuni ushbu mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi, ichki ishlar vaziri Shayx Fahd as-Saboh boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Kuvayt tomonidan moliya va investitsiyalar vaziri Nura Sulaymon al-Fassam, savdo va sanoat vaziri Xalifa Abdulla al-Askar hamda Investitsiya agentligi direktori Shayx Saud as-Saboh ham ishtirok etgan.

Tomonlar oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlarining uchrashuvi ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqan.

“Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitida ishtirok etish uchun Kuvayt amirining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

куvaйт, prezident tashrifi

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Shu nuqtai nazardan, qo‘shma investitsiya platformasi va ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport, gidroenergetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

“Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan kooperatsiya dasturlari va loyihalarini ilgari surish maqsadida faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni tashkil etishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, prezident mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan ham uchrashuv o‘tkazdi va faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etish va Samarqand shahrida o‘tadigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Tashrif doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan yangi hamkorlik dasturi imzolangani yuqori baholandi.

Oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish hamda mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.