Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Kuvaytga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatning bir qator yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, Al-Kuvayt shahrida O‘zbekiston rahbari Agility Logistics kompaniyasi raisi Xenadi al-Solih bilan muloqot qildi. Uchrashuvda Ko‘rfaz mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini samarali yetkazib berish uchun O‘zbekistonda qo‘shma logistika markazini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihaga alohida e’tibor qaratildi.

1979-yilda tashkil etilgan transmilliy logistika kompaniyasi sohada dunyoning yirik korxonalaridan bo‘lib, 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Agility Logistics aviatsiya xizmatlari, sanoat omborlari, logistika parklari, xizmatlarni raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.

Shuningdek, prezident Fouad Alghanim & Sons kompaniyasi rahbari Fadi Xaddadni qabul qildi. Davlat rahbari kompaniyaning davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sog‘liqni saqlash va ta’lim obyektlarini qurish rejalari qo‘llab-quvvatladi.

logistika маркази

1965-yilda tashkil etilgan xolding avtomobilsozlik, qurilish, energetika, neft-gaz, savdo, kema qurilishi, aviatsiya, telekommunikatsiya, turizm va ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat yuritadi.

Rasmiy tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Action Group Holdings rahbari Shayx Muborak as-Saboh bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Prezident kompaniyaning O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha rejalarini ma’qulladi.

logistika маркази

1998-yilda tashkil etilgan xolding faoliyati ko‘chmas mulk, neft sanoati, axborot texnologiyalari, logistika, qurilish, ta’lim, konsalting va savdo sohalarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, Mirziyoyev Kamco Invest kompaniyasi rahbari Abdulloh al-Sharix bilan xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish hamda qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

logistika маркази

1998-yilda tashkil etilgan kompaniya moliyaviy kompaniyasi aktivlarni boshqarish, investitsion banking va brokerlik sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniyada vakolatxonalari mavjud.

Davlat rahbari Al Imtiaz Investment Group kompaniyasi boshqaruvi a’zosi va ijrochi direktori Fuzi Xolid bin Essaning O‘zbekistonda oziq-ovqat yetishtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlarini qurish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatladi.

Al Imtiaz Investment Group 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, aktivlarni boshqarish, ko‘chmas mulk, sog‘liqni saqlash, sanoat va moliya sohalariga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan.

Mirziyoyev o‘ziga ajratilgan qarorgohda Kuwait Investment Company kompaniyasi bosh ijrochi direktori Favoz al-Ahmadni qabul qildi. Muloqotda ta’lim, infratuzilma, agrosanoat, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.

Asosiy aksiyadori Kuvayt investitsiya agentligi bo‘lgan kompaniya 1961-yilda tashkil etilgan. Aktivlarni boshqarish, investitsion banking, xususiy biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Prezident Gulf Care General Trading kompaniyasi rahbari doktor Iyad as-Solih bilan esa O‘zbekiston hududlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatladi.

2001-yilda tashkil etilgan kompaniya Ko‘rfaz mintaqasida tibbiy uskunalarning eng yirik yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib, Kuvaytdagi xususiy tibbiyot muassasalarining keng tarmog‘i egasidir.