15-fevral kuni IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliq shahridagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan 21 yoshli mahkum Muhammadqodir Po‘latovнинг jasadi chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma’lum qildi.
“Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mazkur holat bo‘yicha marhumning onasi Nigora Qambarova bilan suhbatlashdi.
Nigora Qambarovaning aytishicha, to‘rt qizdan keyin tug‘ilgan yagona o‘g‘il farzandi Muhammadqodir Po‘latov 2024-yilning avgust oyida Farg‘ona shahridagi savdo do‘konlarining birida bezorilik holatiga aralashib qolgan. Tergov jarayonlari to‘rt oy davom etgach, dekabr boshida o‘g‘li uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Do‘konga yetkazilgan barcha zararni qopladik. Do‘kon egasi va voqea guvohlari da’voim yo‘q, degan bo‘lsa-da, lekin davlat da’vogar bo‘ldi va o‘g‘lim uch yilga qamaldi. Dekabr boshida Toshkentga olib ketishdi. 10−15 kunlik karantindan so‘ng Olmaliqdagi 14-sonli koloniyaga joylashdi. Shu yilning 26-yanvar kuni o‘g‘limning tug‘ilgani kunini birga nishonladik. 24−26-yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda bo‘ldik, uch kun farzandim bilan birga koloniya hududidagi mehmonxonada juda chiroyli yashadik. O‘sha vaqtda o‘g‘lim sog‘lig‘idan umuman shikoyat qilgani yo‘q. 9 yoshidan beri sport bilan shug‘ullangani uchun har doim sog‘lom yurardi, kasal bo‘lganini umuman eslolmayman. „Yoz oxirlarida ozodlikka chiqsam, to‘yim bo‘ladi. Ungacha kelin topib turing, hammasi yaxshi bo‘ladi“, degan edi. Bu o‘g‘lim bilan so‘nggi uchrashuv va suhbatimiz bo‘ldi. O‘shandan beri qo‘ng‘iroq orqali ham gaplashganimiz yo‘q”, — deydi marhumning onasi.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, Muhammadqodir Po‘latov vafoti haqidagi xabar oila a’zolariga 15-fevral kuni ertalab soat 07:00 larda telefon orqali ma’lum qilingan.
“O‘g‘lim 14-fevral kuni kasal bo‘lgan ekan. Juma kuni kechasi joni uzilgan, deyishdi. Ertalab o‘rnidan turganida ko‘ngli aynib, qusgan va uni reanimatsiyaga olib borishgan ekan. Nahotki farzandim jonlantirish stoliga yotqizilgan paytda biz, yaqinlariga xabar berish mumkin bo‘lmasa? Ekspertizaga olib borib, jasadini yorib, hamma joyini choklab, morgga topshirishganidan so‘ng bizni xabardor qilishdi. Shu holatning o‘ziyoq menda shubha uyg‘otyapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Farg‘onadan to‘g‘ri Toshkentdagi morgga bordik. O‘g‘limning jasadini tayyor qilib, o‘rab qo‘yishgan ekan. O‘sha yerda bir ichki ishlar xodimini ko‘rdim. U o‘zini koloniya rahbarining o‘rinbosari Bahrom deb tanishtirdi. Aytishicha, farzandim ertalab o‘rnidan turib qusgan, keyin shifoxonaga olib borishgan. „Shaxsiy mashinamda shifoxonaga olib bordim, dori-darmonlarini qilib berdim, qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim. Lekin tungi soat 12 larda o‘g‘lingizni joni uzildi“, deb baribir o‘zini oqladi ichki ishlar xodimi”, — deydi Nigora Qambarova.
Onaning ta’kidlashicha, koloniya ma’muriyati unga farzandi miokrad infarki va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etganini aytgan.
“O‘g‘lim soppa-sog‘ edi. U qanday qilib o‘z-o‘zidan o‘lib qolishi mumkin? Kichkinaligidan sportga borardi. Kikboksing, boks, taekvondo va aralash jang san’ati bilan shug‘ullangan. Ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan. O‘nlab medallari bor edi. Biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan, unda biror yondosh kasalliklar ham kuzatilmagan”, — deydi u.
“Farzandim o‘zidan o‘zi shunchaki o‘lib qolishi mumkin emas. Ichki ishlar xodimi aytganidek, o‘g‘lim koloniyada zaharlanib, qusgan bo‘lsa, unga qandaydir zaharli dori ichirishgan, degan shubhadaman. Yoki uni qiynab o‘ldirishgan. Chunki badanida qiynoq izlari, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar va ko‘kargan joylari bor edi. O‘g‘lim odam o‘ldirmagan bo‘lsa, qo‘lida qurol bilan kimgadir jarohat yetkazmagan bo‘lsa… 21 yosh — hazilakam gap emas, uni bu yoshgacha katta qilish oson bo‘lgan deb o‘ylaysizmi?”, — deydi Nigora opa.
U o‘g‘lining o‘limi tafsilotlarini aniqlash masalasida “oxirigacha bormoqchi” ekanligini ma’lum qildi. “Boshqa onalarning farzandlari ham ichki ishlar xodimlarining qo‘lida o‘lib ketishini istamayman. Adolat qaror topishiga ishonaman”, — deya qo‘shimcha qildi Nigora Qambarova.
“Gazeta.uz” muxbiri ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi. G‘iyosov IIV bu borada ma’lumot bera olmasligini, mazkur masalada Bosh prokuratura axborot xizmati rasmiy munosabat berishini aytdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Ombudsman munosabati
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olingan va ayni vaqtda holatga doir ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Ombudsman matbuot xizmatining 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasi navbatchilik qismi tomonidan berilgan ma’lumotlarga tayanib ma’lum qilishicha, “14-fevral kuni soat 22:45 da jazo muddatini o‘tayotgan mahkum sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgani sababli koloniya shifokorlariga murojaat qilgan”.
“Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ham uning holati yaxshilanmagani sababli, u Olmaliq shahri markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, mahkum 15-fevral kuni soat 01:00 da shifoxonada gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan”, — deyiladi ombudsman axborotida.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat ombudsman xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Shuningdek, ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirgan.
Holat yuzasidan Bosh prokuraturaga ombudsman tomonidan murojaat ham yuborilgan.
Bosh prokuratura izohi
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mahkum Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etganini ma’lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan tushuntirishlar olingan. O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.
Ekspertizaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘limga yurak ishemik kasalligining o‘tkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi (“miokard infarkti”) sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.