Toshkent shahri hokimligi poytaxtdagi bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar (patta) miqdori oshirilgani yuzasidan izoh berdi.
Hokimlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi 19 ta bozor va savdo komplekslarining jami xarajatlari:
- 2022-yilda 256,3 mlrd so‘mni;
- 2023-yilda 296 mlrd so‘mni;
- 2024-yilda 314,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
2025-yilda soliq, kommunal to‘lovlar, ish haqi oshishi hamda ta’mirlash va qurish ishlari inobatga olinib, xarajatlar 383,5 mlrd so‘m miqdorida bo‘lishi rejalashtirilgan (2024-yilga nisbatan 22 foizga ko‘p).
Hokimlik o‘z izohida bir bozor misolida xarajatlarning o‘sib borishini ko‘rsatgan. Aytilishicha, Eski Juva dehqon bozorining yer solig‘i 2024-yilga nisbatan 64 foizga (5,954 mlrd so‘m), kommunal to‘lovlari 17 foizga (4,254 mlrd so‘m) oshayotgani, bundan tashqari, 5,9 mlrd so‘mga bozordagi rastalarni qayta qurish ishlari amalga oshirilishi inobatga olinib, 2025-yil uchun xarajatlar 28,6 mlrd so‘m bo‘lishi (+156 foiz) rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, belgilangan patta pullari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun bo‘lib, ularning bozorlar va savdo komplekslari umumiy tushumidagi ulushi 15 foizga ham yetmaydi.
“Patta yig‘imlarini oshirish orqali bozorlarni saqlash (tozalash, yoritish, obodonlashtirish, pavilonlar tom qismini (shifer, profnastil) ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish, rastalarni ta’mirlash yoki yangi qurish, yo‘laklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni bo‘yash, kommunikatsiya tarmoqlarini saqlab turish) hamda sotuvchi va xaridorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlarini amalga oshirish, soliqlarni, kommunal to‘lovlarni va 1 600 dan ortiq ishchi xodimlarga oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lash reja qilib olingan”, — deyiladi izohda.
Ma’lumot o‘rnida, qonunchilikka asosan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari har yili tasdiqlanishi belgilangan. Avvalroq Toshkent shahar hokimining 2025-yil 14-fevraldagi qarori bilan 2025-yil uchun bozor ma’muriyati tomonidan undiriladigan bozor yig‘imi miqdori tasdiqlangandi.
Unga muvofiq, patta puli sabzavot mahsulotlari hamda non va non mahsulotlari yo‘nalishida 10 foizga, uy buyumlari, kiyim-kechaklar va uy parrandalari kabi yo‘nalishlarda 17−20 foizgacha, sitrus, tropik va quruq mevalar, konserva, salqin ichimliklar, gullar, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar kabi yo‘nalishlarda 21−25 foizgacha, asal mahsulotlari kabi yo‘nalishlarda 26−29 foizgacha oshirilgan.