Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, 2025−2027-yillarda nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida 350 mingta yoshni qamrab olinadi, shu jumladan, 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida AT “Aloqabank” tayanch “yoshlar banki” etib belgilanadi.
Hujjat bilan zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablag‘lar ajratiladi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.
“Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga onlayn shaklda imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi.
“Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi asosida YATT sifatida faoliyat yurituvchi yosh fuqarolarga, shuningdek, ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlarning kamida 20 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi.
“Innovatsion yoshlar” loyihasi bo‘yicha venchur jamg‘armalari orqali yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi. Qarorga ko‘ra, unda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash instrumentlaridan foydalangan tadbirkorlarning hisobvaraqlariga bepul xizmat ko‘rsatiladi. 2025-yil 1-aprelgacha “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
- 2025-yil 1-martgacha AT “Aloqabank”ning hududlarda yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarni tijoratlashtirishga hamda moliyalashtirishga ko‘maklashish (“Startaplar”) loyihasi respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi va loyihaning hududlardagi bo‘linmalari malakali kadrlar bilan to‘ldiriladi;
- 2025-yil 1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun”lari tashkil etiladi hamda hududdagi OTMlar bilan hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2025-yil yakunigacha:
- akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar soni 200 taga yetkaziladi;
- hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlari tashkil qilinib, tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda muvaffaqiyatli tadbirkor darajasigacha rivojlanishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi, jumladan ularga tayyor ofislar ijaraga beriladi, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilgandi. Uchrashuvda “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilishi ma’lum qilingan.
“Aloqabank” kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi. Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi. Ular 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanib, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi, deyiladi xabarda.
“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 mln dollargacha sarmoya kiritiladi. Mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilgandi.